Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanmoqda
Jizzax shahrida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mehnat faxriylari, ishlab chiqarish va mehnat jamoalari faol ayollari ishtirokida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, munis onaxonlar va barcha ayollarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi.
Uyimizda bir kungina onamiz, ayolimiz, qizimiz yoki kelinimiz bo‘lmasa, uyimiz go‘yo fayzsiz bo‘lib qolganday tuyuladi. Shuning uchun ayollarni ming bir sifat bilan ta’riflaymiz. Ularni oyga, quyoshga, gulga o‘xshatamiz. Hayo malikasi, muhabbat mehvari, sadoqat ramzi deymiz.
– Ayol – avvalo ona sifatida yuksak qadr-qimmatga, hurmat va e’zozga loyiq. Binobarin, ona o‘z zurriyodiga qalb qo‘rini beruvchi inson, uning ilk ustozidir. O‘z farzandiga pandu nasihat qila oladigan, hayotning zarur ko‘nikmalaridan saboq berib, dunyoni endi anglayotgan go‘dakni to‘g‘ri yo‘lga boshqaradigan ona, shubhasiz insoniyat davomchisi va yo‘lchi yulduzidir, – dedi viloyat hokimi o‘z tabrik nutqida.
[gallery-10808]
Tantanali tadbirda turli sohalarda mehnat qilayotgan faol xotin-qizlar esdalik ko‘krak nishoni va faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Tadbirda poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli so‘z ustasi Avaz Oxun va viloyat san’atkorlari hamda ijrochi yoshlarning chiqishlari ishtirokchilarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiri Jizzax shahridagi “Shohsaroy” tantanalar majmuasida to‘kin dasturxon atrofida dildin qurilgan shirin suhbatlar bilan davom etdi.
Bayram tadbirlari Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida, korxona, tashkilot va muassasalarida keng nishonlamoqda.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA