Xalqaro turnir yakunlandi
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan “Toshkent open” IX xalqaro turniri yakunlandi.
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A’zamov xotirasiga bag‘ishlangan “Toshkent open” IX xalqaro turniri yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi hamkorligida yoshlar o‘rtasida shaxmatni yanada ommalashtirish, sportchilarimizning tajribasini oshirish, o‘zbek shaxmat maktabi imkoniyatlarini keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston, Fransiya, Ispaniya, Rossiya, Belarus, Armaniston, Ozarbayjon, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston va Afg‘oniston kabi davlatlardan yuz nafarga yaqin shaxmatchi o‘zaro bahslashdi.
Shveytsarcha usulda to‘qqiz turdan iborat musobaqada 7 ochko jamg‘argan rossiyalik Vladislav Artyomov qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, yetti ochko jamg‘argan fransiyalik Vladislav Tkachyov ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. Iqtidorli shaxmatchimiz, FIDE ustasi Bahodir Xolmirzayev 6,5 ochko bilan uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Hamyurtlarimiz Jo‘rabek Hamroqulov, Marat Jumayev, Akmal Fayzullayev, belaruslik Stanislav Sixanchuk, Aleksey Aleksandrov, qozog‘istonlik Murtas Kajgaliyev, armanistonlik Tigran Petrosyan, rossiyalik Vasiliy Papin, ozarbayjonlik Eltoj Safarli va ispaniyalik Oleg Korneyev ham 6,5 tadan ochko jamg‘ardi.
– Turnir yuqori saviyada tashkil etilgani e’tiborga loyiq, – deydi Vladislav Artyomov. – Musobaqa davomida o‘zbek shaxmatchilari, ayniqsa, yosh iste’dod egalarining o‘yini menda katta taassurot qoldirdi. Bu O‘zbekistonda sportning barcha turlari qatori shaxmatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar berayotganidan dalolatdir.
Mazkur turnir iste’dodli shaxmatchilarimiz uchun tajriba maktabi vazifasini o‘tadi. Musobaqada Sarvinoz Qurbonboyeva, Bahora Abdusattorova, Maftuna Mamatqulova va Gulruhbegim Tohirjonova qizlar o‘rtasida yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan shaxmatchilar sifatida e’tirof etildi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida Ortiq Nig‘matov, Alisher Bekmurodov mutaxassis va muxlislar e’tiborini qozondi.
– Turnirda xalqaro grossmeyster me’yorini bajarganimdan xursandman, – deydi Sarvinoz Qurbonboyeva. – Kelgusida nufuzli musobaqalarda yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish niyatidaman.