Xalqaro tajriba o‘z samarasini beradi
Moskva shahrida joriy yilning 15-18 iyun kunlari onkolog shifokorlar, ilmiy tadqiqot institutlari mutaxassislari ishtirokida xalqaro forum o‘tkazilgan edi. Unda Rossiya va tibbiyoti rivojlangan o‘ndan ortiq xorijiy davlatdan jami 170 nafar ekspert, 400 ga yaqin spiker jami 5 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Jumladan, Buxoro viloyati Romitan tumani tibbiyot birlashmasining bir guruh xodimlari ham ushbu forumda ishtirok etdi.

–Xalqaro ahamiyatga ega bu konferensiyada ayollarda uchrayotgan xavfli o‘sma kasalliklarini samarali davolash muammolarini hamjihatlikda o‘rganish va hal qilish masalasi muhokama etildi, – deydi Romitan tumani tibbiyot birlashma rahbari Jamshid Tohirov. – Bu borada yurtimizda, jkmladan, Romitan tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2021 yil yanvar oyida viloyatga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida barcha shahar va tuman tibbiyot birlashmalari 13 ta statsionar va 2 ta ko‘chma zamonaviy mammograf apparati bilan ta’minlangan. Mammograf apparatlari test rejimida ish faoliyatini boshlagan va atigi yarim yil davrda 1 ming 835 nafar ayol skrining tekshiruvidan o‘tkazilgan. Shundan 105 nafarida rak oldi kasalligi, 18 nafarida ko‘krak sut bezi xavfli o‘smasi kasalligi aniqlangani holda zarur davo muolajalari tayinlangan. Joriy yilning shu kuniga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filialida bu dard bilan bog‘liq yana o‘nlab murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Zarif Komilov, O‘zA