Xalqaro olimpiada g‘oliblari taqdirlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi II xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan matematiklar bellashuvida Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va mamlakatimizdagi jami 40 dan ziyod oliy ta’lim muassasasidan 200 nafar talaba ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro olimpiadani o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tkazilgan olimpiadadan ko‘zlangan asosiy maqsad buyuk matematik olim Muhammad al-Xorazmiyning butun dunyo fan va sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda tanitishdan iborat, shuningdek, bilimli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni boshlang‘ich va aniq fanlar bilan shug‘ullanishga keng jalb etishdir.
[gallery-14270]
Ishtirokchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun Nukus shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi. Jumladan, jahonga mashhur I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi eksponatlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida olimpiada g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori, O‘zbekiston Qahramoni, akademik Sh.Ayupov va boshqalar ishtirok etib, yurtimizda matematika fanining rivoji, ta’limning barcha bosqichlarida yangicha o‘qitish va matematik tadqiqotlarni olib borish uchun juda keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
II xalqaro olimpiada g‘oliblariga diplom va oltin medallar tantanali ravishda topshirildi.
O‘tkazilgan fan olimpiadasida jamoa hisobida birinchi o‘rinni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, ikkinchi o‘rinni Turkmaniston Xalqaro gumanitar fanlar va taraqqiyot universiteti, uchinchi o‘rinni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti egalladi.
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan biz, yoshlarning chuqur bilim olishimiz uchun barcha qulaylik va sharoit yaratilgan, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti matematika fakulteti 2 bosqich talabasi, shaxsiy va jamoaviy oltin medal sohibi Damir Dilmuradov. – Ustozlarning ishonchini oqlab, oltin medal sohibi bo‘ldim. Oliy ta’lim muassasalari talabalariga yaratilgan bunday imkoniyatlar uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman.
Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari