Xalqaro migratsiya forumidan ko‘zlangan maqsad nima?
Hozirgi globallashuv davrida migratsiya dunyo miqyosidagi eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan biriga aylandi. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi ko‘plab davlatlar iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatib, millionlab insonlar hayotida muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekistonda ham migratsiya masalasi davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgan sohalardan biridir. Shu bois yurtimizda xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz huquqini himoya qilish, ularga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish, xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasini tashkil etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shular haqida O‘zA muxbiri Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bo‘lim boshlig‘i Islomjon Xamroyev bilan suhbatlashdi.
– Aytingchi, bugungi kunda agentlik qaysi davlatlar bilan mehnat migratsiyasi sohasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda? Migratsiya geografiyasini kengaytirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Yurtdoshlarimizni xorijda qonuniy, sifatli va serdaromad ish bilan ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, migratsiya geografiyasini kengaytirish asosiy maqsadlarimizdan. Shundan kelib chiqib, Yevropa Ittifoqi, jumladan “Nordik davlatlar”, AQSH, Yaponiya mehnat bozorlarida yuqori daromadli ishlarga qonuniy ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Agentlik tomonidan 2030-yilgacha 50 000 fuqaroni “Nordik davlatlar”ga ishga yuborish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqildi. Italiya, Chexiya, Koreya, AQSH elchixonalari, Slovakiya, Turkiya, Belarus, Boshqirdiston Bandlik vazirliklari, Tyumen, Grodno Namvon hokimliklari, Italiya, Sloveniya, AQSH, Turkiya agrar idoralari, MXT, Yevrosiyo barqarorlashtirish jamg‘armasi, Germaniya Iqtisodiy jamoasi bilan migratsiyaga oid ikki tomonlama manfaatli uchrashuvlar o‘tkazildi.
Yaqinda “Honchos LLC” va “USA Farm Labor” kompaniyalari bilan AQSHga H-2A viza dasturi doirasida mavsumiy ishga jalb qilishga kelishildi. Talabnomalar olindi, jarayon bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilmoqda. E’tiborlisi, Yevropa mintaqasi 47 000, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi 13 000, Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlari 6 000, MDH davlatlari 36 000, Italiyaning 5, AQSHning 2, Ispaniya va Fransiyaning bittadan tashkiloti bilan fuqarolarni qishloq xo‘jaligi sohasida mavsumiy ishga jalb qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Ushbu davlatlarda 10 000 yuqori malaka talab etilmaydigan ish uchun vaqti davomiyligi bir yilgacha bo‘lgan agrar soha mutaxassislariga buyurtma olindi.
– Fuqarolarimizni xorijda qonuniy va xavfsiz ish bilan ta’minlash uchun qanday mexanizmlar joriy etilgan?
– Fuqarolarni xorijda qonuniy va xavfsiz ish bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasida qator huquqiy, tashkiliy va profilaktik mexanizmlar joriy etilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi qarori bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni tayyorlash, xorijga uyushgan holda yuborish va ularning huquqlarini himoya qilishning kompleks tizimi belgilangan. Mazkur qarorga muvofiq, xorijga ishga yuborishdan oldin fuqarolar bilan moslashtirish va ko‘niktirish tadbirlari amalga oshiriladi. Ularga mehnat qonunchiligi, migratsiya qoidalari, yashash va mehnat sharoitlari, xavfsizlik qoidalari, xorijda huquqiy himoya olish tartibi hamda noqonuniy mehnat migratsiyasining oqibatlari tushuntiriladi.
Fuqarolar xorijga faqat tasdiqlangan ish beruvchilar va rasmiy mehnat shartnomalari asosida yuboriladi. Mehnat shartnomalarida ish haqi, ish vaqti, yashash sharoiti, tibbiy sug‘urta, transport va boshqa ijtimoiy kafolatlar aniq belgilanadi.
Xorijga ketuvchi fuqarolarning kasbiy va til ko‘nikmalarini oshirish ham muhim hisoblanadi. Ayrim davlatlarga yuborishda fuqarolar uchun xorijiy til va kasbga tayyorlash kurslari tashkil etilib, xalqaro sertifikat olish tizimi joriy qilingan.
Fuqarolarning huquqlarini xorijda himoya qilish maqsadida Migratsiya agentligining xorijiy davlatlarda vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu vakolatxonalar orqali mehnat nizolarini hal qilish, ish beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish, huquqiy yordam ko‘rsatish va og‘ir ahvolga tushib qolgan fuqarolarga ko‘mak berish ishlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida subsidiya, kompensatsiya va imtiyozli moliyaviy yordam mexanizmlari ham joriy qilingan. Xususan, ayrim davlatlarga ketish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, til o‘rganish va kasbga tayyorlash xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartibi belgilangan.
– Xorijda ishlayotgan fuqarolarimizga huquqiy yordam ko‘rsatish tizimi qanday tashkil etilgan?
– Migratsiya agentligi tomonidan xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning murojaatlarini tezkor qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda zarur hollarda huquqiy amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida bir qator aloqa turlari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ma’lumot berish markazi, telefon va maxsus dastur orqali agentlikning qisqa ishonch telefoni – 1282 ga dunyoning barcha davlatlaridan qo‘ng‘iroq qilish bepul. Maxsus dastur: www.xorijdaish.uz platformasidagi SOS tugmasi joriy etilgan. Mazkur aloqa vositalari orqali fuqarolar mehnat migratsiyasi, huquqiy yordam, hujjatlashtirish, qaytish masalalari hamda boshqa muammolar yuzasidan murojaat qilishlari mumkin. Bundan tashqari yana bir qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham murojaatlarni qabul qilish tizimi joriy etilgan.
Bu tizimlar xorijdagi fuqarolar bilan doimiy aloqani ta’minlash, murojaatlarni markazlashgan tarzda qabul qilish va tezkor ko‘rib chiqish imkonini bermoqda.
– So‘nggi yillarda qaysi yo‘nalishlarda natijaga erishildi? Qanday muammolar hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda?
– Qayd etish kerak, 2025-yil davomida mamlakatimizga xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning 18,9 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yil shu davriga nisbatan 28 foiz ko‘p. Afsuski, xorijda mehnat faoliyatini tashkil etish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, ayrim muammolar hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda. Xususan, litsenziya olmasdan xorijga ishga joylashtirish bilan shug‘ullanayotgan konsalting va vositachilik tashkilotlari faoliyati asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Mazkur tashkilotlar fuqarolarni rasmiy mehnat shartnomalarisiz, ish sharoitlari va huquqiy kafolatlarini to‘liq tushuntirmasdan xorijiy davlatlarga yuborishi holatlari kuzatilmoqda.
Natijada ayrim fuqarolar xorijiy davlatlarga yetib borgandan so‘ng noqonuniy mehnat faoliyatiga jalb qilinishi, viza yoki migratsiya talablarini buzishi oqibatida nolegal maqomga o‘tib qolmoqda. Bu esa fuqarolarning og‘ir ijtimoiy va mehnat sharoitlariga tushib qolishi, mehnat huquqlari buzilishi, ish haqi to‘lanmasligi, deportatsiya qilinishi hamda huquqiy himoyasiz qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Fuqarolarning xorijiy davlatlarda nolegal maqomda bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayrim davlatlarda migratsiya tartibi kuchaytirilishi, qo‘shimcha cheklov joriy qilinishi, o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan ishonch pasayishi kabi holatlar ham kuzatilmoqda.
Shu sababli litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga qarshi nazorat choralarini kuchaytirish, fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish hamda ularni faqat rasmiy va kafolatlangan mehnat mexanizmlari orqali xorijga yuborish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shundan kelib chiqib, fuqarolarni noqonuniy vositachilar va litsenziyasiz konsalting tashkilotlari faoliyatidan himoya qilish maqsadida bir qator amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, xorijga ishga joylashtirish sohasida litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan tashkilotlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tadbirlari kuchaytirilgan. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida tekshiruvlar o‘tkazilib, noqonuniy faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga nisbatan iqtisodiy va ma’muriy ta’sir choralari qo‘llanmoqda.
Shuningdek, aholi o‘rtasida tushuntirish va ogohlantirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, mahallalar va hududiy filiallar orqali fuqarolarga xorijga faqat rasmiy va litsenziyaga ega tashkilotlar orqali ishga ketish zarurligi haqida muntazam targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
– Xabaringiz bor 18-19-may kunlari Toshkentda Xalqaro migratsiya forumi o‘tkaziladi. Bu nufuzli anjumanning O‘zbekistonda o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad nima?
– Darhaqiqat, kelayotgan hafta “International Organization for Migration” (IOM) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamkorligida Toshkent xalqaro migratsiya forumi o‘tkaziladi. Bu nufuzli tadbirga xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, biznes doiralari va ekspertlar hamjamiyatining 300 dan ortiq vakili ishtirok etishi kutilmoqda.
Anjuman yurtimizda tashkil etilishidan asosiy maqsad – migratsiya sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va xavfsiz, tartibli hamda qonuniy migratsiya tizimini rivojlantirishdan iborat.
Forum orqali Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida migratsiya masalalari bo‘yicha muloqotni kuchaytirish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, odam savdosi, noqonuniy migratsiya va mehnat ekspluatatsiyasiga qarshi kurashish, migrantlarga ijtimoiy va huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish, xavfsiz va qonuniy mehnat migratsiyasi uchun yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, O‘zbekistonning migratsiya sohasidagi islohotlari va tajribasini xalqaro maydonda namoyon etish maqsad qilingan.
Bir so‘z bilan aytganda bu forum O‘zbekistonning xalqaro migratsiya siyosatidagi nufuzini oshirish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar uchun munosib va xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan tashabbuslarni muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini bajaradi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.