Xalqaro media platformaning ahamiyati nimada?
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga ikki kunlik tashrifi munosabati bilan ko‘plab mahalliy va xorijiy tahlil muassasalari mutaxassislari o‘z mulohazalrini bildirmoqda. Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi Azer Adigezalov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida Dushanbeda madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar mazmuniga to‘xtaldi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining V Maslahat uchrashuvida “Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim an’anaviy ustuvor yo‘nalishimizdir”, – deya alohida ta’kidlarkan, ayni yo‘nalishdagi ishlar tizimliligini ta’minlash maqsadida mintaqa mamlakatlari madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi qabul qilishni taklif etdi.
Davlatimiz rahbarining yana bir muhim taklifi – “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bo‘ldi. Bu g‘oya mintaqaning noyob madaniy-tarixiy, ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar imkoniyatidan faol foydalanish imkonini beradi.
Ushbu platforma umumiy mintaqaviy kontentni shakllantirish uchun olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb etishga alohida e’tibor qaratadi, mintaqada o‘ziga xos birdamlikni shakllantiradi.
Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga ham to‘xtalib, Markaziy Osiyo yoshlarining imkoniyatini kengaytirish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu markaz yoshlarning o‘zini anglash, o‘z xohish-istagini aniqlash, sevimli mashg‘uloti va qiziqishini rivojlantirish maydoniga aylanadi.
Prezident, shuningdek, mintaqa mamlakatlaridagi iste’dodli yoshlar uchun ilm-fan va ta’lim sohasida Al-Xorazmiy, Forobiy, Jomiy, Maxtumquli, Chingiz Aytmatov kabi Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir, alloma va faylasuflar nomidagi mintaqaviy grant, stipendiyalar ta’sis etish fikrini ilgari surdi.
Bu galgi Maslahat uchrashuvi, shubhasiz, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bir-biriga yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.