Xalqaro loyiha: hamkorlik davom etadi
Andijonda “Markaziy Osiyoda oliy ta’limni yangi ta’lim texnologiyalari orqali modernizatsiya qilish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Andijon shahridagi Yoshlar markazida anjuman ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Nasibillo Mo‘minov so‘z olib, ishtirokchilarga viloyat hokimining tabrigini o‘qib eshittirdi. Keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayonlarini xalqaro standartlar talablari darajasiga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi, xususan, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik ko‘lamini tobora kengaytirib borayotganligini ta’kidladi.
Konferensiyada Andijon mashinasozlik instituti rektori Umid Turdialiyev xorijlik mehmonlarga oliygoh haqida ma’lumot berdi. Bolgariyaning Ruse universiteti rektori, akademik Xrusto Beloyev so‘z olib, xalqaro loyiha doirasida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirdi, bir guruh ishtirokchilarga universitetning maxsus esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Akademik Xrusto Beloyevga Andijon mashinasozlik institutining faxriy professori unvoni berildi. Shundan so‘ng anjuman ishtirokchilari uchun “Andijon polkasi” raqsining yuz yilligiga bag‘ishlangan badiiy dastur namoyish etildi.
Anjumanning asosiy tadbirlari Andijon mashinasozlik institutida davom etdi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish bo‘yicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’lim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini ta’minlash, bu borada pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirib borish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish singari qator ustuvor vazifalar belgilangan. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash borasida Andijon mashinasozlik instituti “Markaziy Osiyoda oliy ta’limni yangi texnologiyalar orqali modernizatsiya qilish (HiEdTech)” loyihasida qatnashmoqda.
[gallery-9122]
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Erasmus+ dasturi asosida amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda oliy ta’limni yangi texnologiyalar orqali modernizatsiya qilish (HiEdTech)” loyihasi yakuniy bosqichi doirasida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada Italiya, Bolgariya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya singari Yevropa davlatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikalaridan jami 20 ta oliy ta’lim muassasalari rektorlari, vakillari ishtirok etdi.
– Talabalarning masofadan ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish uchun oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv resurslarini yaratish, professor-o‘qituvchilar tomonidan fanlar bo‘yicha tayyorlangan o‘quv materiallarini masofaviy ta’lim platformalariga joylashtirib borish, virtual muhitda ishlashni yaxshilash uchun “Masofaviy ta’limni tashkil etish texnologiyalari” kurslarini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish loyihaning asosiy maqsadi hisoblanadi, – deydi Andijon mashinasozlik instituti birinchi prorektori Akmaljon Ermatov. – Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishda mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Andijon mashinasozlik institutida o‘tkazilgan seminar va mashg‘ulotlarda Markaziy Osiyo davlatlaridagi loyiha ishtirokchilari bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Xorijlik mutaxassislar tomonidan mavzu doirasida ma’ruzalar o‘qildi, mahorat darslari tashkil etildi. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi qator oliy ta’lim muassasalari o‘z taqdimotlarini o‘tkazdi.
– Loyiha doirasida Markaziy Osiyodagi loyiha ishtirokchisi bo‘lgan OTMlarda, jumladan, Andijon mashinasozlik institutida ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ta’lim texnologiyalari integratsiyasini mustahkamlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borildi, – deydi loyiha koordinatori, Ruse universiteti professori Angel Smrikarov. – Loyiha yakunlansada mazkur yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettiramiz. Bu albatta barcha ishtirokchilar uchun foydalidir.
Yakunda loyiha ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
Shundan so‘ng xorijlik mehmonlar Andijon davlat universiteti, Andijon davlat tibbiyot hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutlarida bo‘lib, ta’lim jarayonlari bilan tanishdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA