Xalqaro kredit reytingi oshdi: endi kreditlar arzonlashadimi? (+video)
Joriy yilning 3-iyun kuni Fitch xalqaro reyting agentligi tomonidan O‘zbekiston suveren kredit reytingiga bag‘ishlangan navbatdagi hisobot e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston suveren kredit reytingi "BB" darajasida tasdiqlanib, reyting kutilmasi “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirilgan.
Xo‘sh, bu oddiy odam uchun nimani anglatadi?
Tasavvur qiling, bankdan kredit olmoqchisiz. Bank avval sizning to‘lov qobiliyatingizni baholaydi. Agar siz ishonchli mijoz bo‘lsangiz, sizga kredit berish osonroq va qulayroq bo‘ladi.
Xuddi shunday, xalqaro investorlar ham davlatlarni baholab boradi. Fitch agentligining yangi xulosasi O‘zbekiston iqtisodiyoti kelgusi yillarda yanada mustahkamlanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Bu esa xorijiy investorlar uchun muhim signal hisoblanadi. Investorlar ko‘proq mablag‘ kiritadigan bo‘lsa, yangi korxonalar, ishlab chiqarish quvvatlari va ish o‘rinlari paydo bo‘lishi mumkin.
Hisobotda O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar davom etayotgani, davlat qarzi nisbatan past darajada ekani, iqtisodiy o‘sish sur’atlari yuqoriligi va xalqaro zaxiralar mustahkamligi ijobiy omil sifatida qayd etilgan.
Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti yaqin yillarda ham 6 foiz atrofida o‘sishda davom etishi mumkin.
Ammo bu o‘zgarishlarning ta’siri ertaga yoki bir oyda sezilib qolmaydi. Iqtisodiy reytingning yaxshilanishi avvalo investorlar ishonchini oshiradi. Uning natijalari esa vaqt o‘tishi bilan yangi ish o‘rinlari, biznes imkoniyatlari va iqtisodiy faollik orqali aholi hayotiga ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi videomizda aynan shu savolga javob izlaymiz: Fitch bergan ijobiy baho oddiy fuqaroning hayotida qachon va qanday aks etadi?
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/0gd6ue6ImNY" title="Xalqaro kredit reytingi oshdi: endi kreditlar arzonlashadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Eshmirzayeva, U.To‘xtayev, O‘zA