Xalqaro kooperatsiya uchun keng maydon
“O‘zekspomarkaz”da “Markaziy Osiyo sanoat haftaligi – Central Asian Industrial Week” xalqaro tarmoqlararo forumi ish boshladi.
“O‘zekspomarkaz”da “Markaziy Osiyo sanoat haftaligi – Central Asian Industrial Week” xalqaro tarmoqlararo forumi ish boshladi.
Tadbir doirasida “Yo‘l qurilishi va maxsus texnika – UzComak – 2014”, “Tog‘-kon ishi – Mining World Uzbekistan – 2014”, “Metallurgiya va mashinasozlik – Machinery Central Asia – 2014”, “Kimyo sanoati – Chemie Uzbekistan – 2014”, “Plastmassa sanoati – Plastex Uzbekistan – 2014” va “Poligrafiya va qadoqlash – O’zbekinprint-O’zupack” xalqaro ko‘rgazmalari ochildi.
Sanoat haftaligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “O‘zavtoyo‘l” va “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyalari, Savdo-sanoat palatasi tomonidan “ITE Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma kompaniyaci va ITE kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida mamlakatimizda sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini berayotgani ta’kidlandi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda qulay investitsiya muhitining yaratilgani chet ellik sheriklar bilan bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida sohaga yangi texnologiya va asbob-uskunalarni joriy etishga qaratilgan 158 investitsiya loyihasi hayotga tatbiq etilayotir. Markaziy Osiyo sanoat haftaligi bu borada muhim ahamiyatga ega. Chunki tadbir yangi sanoat asbob-uskunalari, texnologiyalari, texnologik ishlanmalarni namoyish qilish va taklif etish, mamlakatimiz va xorijlik ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyatdir.
Ekspozitsiya yo‘nalishlar bo‘yicha ikki yirik sektorga bo‘lingan. Birinchi sektor tog‘-kon sanoati, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish va maxsus texnika sanoatiga bag‘ishlangan. Ushbu sektor doirasida kon ishlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan yirik qurilish texnika va mashinalari, ikkinchi sektorda esa kimyo, plastmassa, polimerlar, qadoqlash va matbaa sanoati yutuqlari namoyish etilmoqda.
Joriy yilda mazkur ko‘rgazmalar ekspozitsiyasida O‘zbekiston, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Italiya, Fransiya, Niderlandiya, Yangi Zelandiya, Polsha, Belarus, Finlyandiya, Chexiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan yuzdan ziyod kompaniya mahsulotlari o‘rin olgan.
Bu yerda turli sanoat tarmoqlari uchun mo‘ljallangan eng so‘nggi ishlanma va keng turdagi uskunalar taqdim etilgan.
Tog‘-kon ishi iqtisodiyotimizning eng muhim tarmoqlaridan biridir. Mamlakatimiz tog‘-kon sanoatiga investitsiyalarning jalb etilayotgani va yangi texnologiyalarning joriy qilinayotgani tarmoqni izchil rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. To‘qqizinchi marta o‘tkazilayotgan “Mining World Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazmasiga xorijlik ishtirokchilarning qiziqishi tobora ortib borayotgani ushbu sohada xalqaro hamkorlik muhimligi va istiqbolli ekanidan dalolat bermoqda. Ko‘rgazma eksponentlari orasida konchilik, maydalash-saralash, burg‘ulash uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, geologiya-qidiruv va tog‘-kon sanoati uchun turli yechimlar ishlab chiquvchilar bor. “Micromine” (Avstraliya), “Bauer”, “Hausherr” (Germaniya), “Henan Liming Heavy”, “Zheng Zhou Vipeak Heavy Industry Co.”, “Shanghai Jianye” (Xitoy) kompaniyalari ko‘pchilik ishtirokchilar e’tiborini tortmoqda.
– Kompaniyamiz tog‘-kon sanoati uchun xavfsizlik texnologiyalari va individual himoya vositalarini yetkazib beradi, – deydi Germaniyaning “Dräger Safety AG & Co. KGaA” kompaniyaci texnik menejeri Frank Shubert. - O‘zbekistonning yirik kompaniyalari bilan bir necha yildan buyon hamkorlik qilib kelamiz. Mamlakatingizda nafaqat konchilikni rivojlantirish, balki zamonaviy xavfsizlik me’yorlariga rioya etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa tarmoqni rivojlantirishda muhim omildir.
Ko‘rgazmalarda mamlakatimizning qator kompaniyalari ham faol ishtirok etmoqda. Ular orasida “Toshelektroapparat” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlari alohida ajralib turibdi. Bu yerda yurtimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy konchilik asbob-uskunalari namoyish qilingan. Mazkur korxona ishlanmalariga nafaqat O‘zbekiston, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlarda ham talab yuqoriligi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini yanada kengaytirishni rag‘batlantirmoqda.
“Machinery Central Asia – 2014” yettinchi xalqaro ko‘rgazmasida tog‘-kon sanoatini rivojlantirish tendensiyalari, shuningdek, soha vakillarining O‘zbekiston bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishi yorqin namoyon etilmoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati huzuridagi “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlangan o‘ziga xos NT 250 MR tokarlik dastgohi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Zavod MDH mamlakatlariga o‘n turdan ziyod dastgohlarni eksport qilmoqda, ularni ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatib, ehtiyot qismlar bilan ta’minlamoqda.
Mamlakatimizda yo‘l qurilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Magistral yo‘llar qurish, xalqaro transport aloqasini yanada kengaytirish, sohaga ilg‘or texnika va texnologiyalarni joriy etish, yetuk mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “UzComak – 2014” oltinchi xalqaro ko‘rgazmasi yo‘l qurilishi va kommunal xo‘jaligining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan.
Ko‘rgazmada JCB (Buyuk Britaniya), “Bomag” (Germaniya), “Controls s.r.l.” (Italiya), “Xuanhua Construction Machinery Co.” (Xitoy), “Marini” (Turkiya) kabi taniqli kompaniyalar qatnashmoqda. “JV MAN Auto Uzbekistan” qo‘shma korxonasi yo‘l qurilishi texnikasi, asfalt-beton uskunalari, buldozerlar, ko‘chma asfalt zavodlari va zamonaviy geomateriallarni keng namoyish etmoqda.
– O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari qurish va ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamining kengayib borayotgani qurilish materiallari va yangi texnologiyalarga bo‘lgan talabni oshirmoqda, – deydi “Metso Minerals AB” (Shvetsiya) kompaniyacining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jamshid Shokirov. – Mamlakatimiz kompaniyalari zamonaviy uskunalardan foydalanib, yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Buning samarasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston qurilish materiallari bozorida raqobat sezilarli oshib bormoqda.
Mamlakatimiz kimyo sanoati ham izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda “O‘zkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyaci yuqori qo‘shimcha qiymatga ega yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish borasida 14 loyihani ishga tushirish arafasida turibdi. “Chemie Uzbekistan – 2014” va “Plastex Uzbekistan – 2014” ko‘rgazmalari ekspozitsiyalarida kimyo sanoati va plastmassa ishlab chiqarishni rivojlantirish tendensiyalari aks etgan. Bu yerda kimyo sanoatining yirik vakillari, plastmassa va polimer sanoatining yetakchi korxonalari, maxsus uskunalar ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotini namoyish qilmoqda.
“Central Asian Industrial Week” doirasida “Poligrafiya va qadoqlash – O’zbekinrrint-O’zupack” o‘n oltinchi xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Uning ekspozitsiyasi soha vakillari, sanoatchilar va iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari ishlab chiqaruvchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Chunki har qanday mahsulotni taqdim etish va sotishda matbaa hamda qadoqlash xizmatlari muhim o‘rin tutadi. Ko‘rgazma ishtirokchilari orasida “Credo Rrint Group”, “Premium Flex”, “Poligraf Classic”, “Sharq” NMAK (O‘zbekiston), “Selvex”, “Aucouturier” (Fransiya), “Guangzhou OK Machinery Manufacturing Co.”, “Ningbo Xiongxin Plastic Machinery Co.” (Xitoy) kabi mahalliy va xorijiy korxonalar bor.
Xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchilarining ta’kidlashicha, “Central Asian Industrial Week” xalqaro forumining o‘tkazilishi tajriba almashish, hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, turdosh sanoat tarmoqlari vakillari o‘rtasida uzoq muddatli shartnomalar tuzish uchun xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo sanoat yarmarkasi dasturi doirasida taqdimot marosimlari, davra suhbatlari, ishtirokchilar hamda mutaxassislar o‘rtasida muzokaralar o‘tkaziladi.