Xalqaro hamkorlik yanada rivojlanadi
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon bilan uchrashdi.
Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilinishicha, uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Jarayon davomida Navoiy viloyati hokimi viloyatning investitsion salohiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, hududda respublika kimyo sanoatida ishlab chiqariladigan 100 dan ortiq mahsulotni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, viloyatning barcha tuman va shaharlari erkin iqtisodiy zona maqomiga ega bo‘lib, investorlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari belgilangan. Erkin iqtisodiy zona hududida energiya, gaz, suv ta’minoti, transport va logistika kabi barcha zarur infratuzilma to‘liq shakllangan.

Qayd etilishicha, hududda bir qator koreyalik kompaniyalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Ular tajribasi esa yangi qo‘shma loyihalar va yuqori texnologiyali ishlanmalarni amalga oshirish uchun mustahkam asos vazifasini o‘taydi. Navoiy viloyati bunday loyihalarni birgalikda amalga oshirishga to‘liq tayyor ekani ta’kidlab o‘tildi.

Elchi janoblari uchrashuvdan oldin Koreya kapitali ishtirokida Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan ikkita korxona rahbari bilan muloqot qilganini ma’lum qilib, viloyatga koreyalik investorlarni jalb qilish borasida o‘zini “biznes ambassador” sifatida ko‘rishi, bu yo‘nalishda barcha imkoniyat va aloqalarini safarbar etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, viloyatning tabiiy qazilma resurslarini qayta ishlash, yuqori texnologiyalar asosida sanoat yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda koreys kompaniyalari ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Koreya Respublikasining o‘zini-o‘zi boshqarish sub’ektlaridan biri bilan Navoiy viloyati o‘rtasida “do‘st hududlar” formatidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bildirilib, bunday sherikchilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes, ta’lim va madaniy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Tadbir so‘nggida Koreyaning “Kutre” kompaniyasi bosh direktori yangi Navoiy shaharchasida raqamli boshqaruv, “aqlli shahar” texnologiyalari va zamonaviy axborot infratuzilmasi bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini, mazkur loyihalarda faol ishtirok etish istagini bildirdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri