Xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
Namanganda Italiyaning “ZANOTTI” kompaniyasi vakillari meva-sabzavot yetishtirish va uni saqlash bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Namanganda Italiyaning “ZANOTTI” kompaniyasi vakillari meva-sabzavot yetishtirish va uni saqlash bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bilan uchrashdi.O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda "Italiya – O‘zbekiston" qo‘shma savdo palatasining mamlakatimizdagi ofisi vakillari, viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlaridan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligini isloh qilish jarayonida meva-sabzavot yetishtirish va uni qayta ishlashni rivojlantirish, bu boradagi eksport salohiyatini izchil oshirishga qaratilgan alohida e’tibor yuksak samara berayotgani ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, fermerlik harakatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda, – deydi Namangan viloyati tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i A.Bobomirzayev. – Bugungi fermer o‘zi yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishni sohaning istiqboli sifatida teran anglaydi. Yetishtirilgan mahsulotlarni sifatli saqlash, saralash, tashish va boshqa masalalar yechimida ularning faoliyatiga zamonaviy loyihalarni yanada keng joriy etish muhim ahamiyatga ega. Mazkur uchrashuv ham xorijiy hamkorlar va ilg‘or texnolgiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Viloyatda 463 ming dehqon va 7 ming 560 fermer xo‘jaligi tomonidan 225 ming gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, uzum yetishtirilmoqda. Joriy yilda 1 million 371 ming tonnadan ortiq hosil olish, ehtiyojdan ortgan 364 ming tonnadan ko‘proq meva-sabzavotni eksport qilish rejalashtirilgan. Ayni paytda yetishtirilgan mahsulotning 65 foizi ichki va 10 foizi tashqi bozorda sotilmoqda, 25 foizi qayta ishlanayotir. Bundan tashqari, bog‘dorchilik, sabzavotchilik va uzumchilik yo‘nalishlarida 200 dan ziyod yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuvda "Italiya – O‘zbekiston" qo‘shma savdo palatasining mamlakatimizdagi ofisi raisi O.Ergashev, “Zanotti” kompaniyasi tashqi savdo bo‘yicha direktori P.Baldoneschi va boshqalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va saqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yuksaltirishga ko‘maklashishning texnik ta’minoti xususida so‘z yuritdi. "Italiya – O‘zbekiston" qo‘shma savdo palatasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash savdo-logistika markazini tashkil etish yuzasidan ma’lumot berdi. “ZANOTTI” kompaniyasida ishlab chiqariladigan sovutish uskunalari va jihozlari, turli sig‘imdagi muzlatgichlar, mahsulotni saralash, tashish va saqlash bo‘yicha yangi investitsion loyihalar, o‘zaro manfaatli takliflar o‘rtaga tashlandi.
Tadbir ishtirokchilari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan mavzuga doir savollarga atroflicha javob oldi.