Xalqaro forum yakunlari bo‘yicha brifing
Poytaxtimizda Biznes-ombudsman tomonidan "Tadbirkorlik faoliyatida va uning ustidan davlat nazorati jarayonlarida korrupsiya xavfini kamaytirish" mavzusida o‘tkazilgan xalqaro biznes-forum yakunlari bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda Biznes-ombudsman devoni axborot xizmati rahbari Guljamol Shukurova ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, ushbu nufuzli anjuman Biznes-ombudsman, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tashkil etildi.
Forumning asosiy maqsadi biznes huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish tizimini isloh qilish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashishdan iborat.
Ma’lumki, mamlakatimiz halol biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish borasida qat’iy sa’y-harakatlarni olib bormoqda. Xususan, 2024 yil boshida tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi joriy etildi. Bu reyting qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini aniqlash va ularni rag‘batlantirish imkonini bermoqda.
Tadbirda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar e’tirof etilib, olib borilayotgan sa’y-harakatlarga hamohang ravishda forum mavzusi dolzarb ekani qayd etildi.
Forum ikkita sessiyadan iborat bo‘lib, birinchi sessiyada biznesning halolligini saqlash muammolari: bosim omillari va ularni bartaraf etish yo‘llari haqidagi ma’ruzalar tinglandi. Ikkinchi sessiyada iqtisodiy va korrupsiyaga qarshi siyosatga rioya etilishini ta’minlashda davlat nazorati va huquqni qo‘llash masalalari keng muhokama qilindi.
2021 yilda ilk bor o‘tkazilgan forumda O‘zbekiston biznes halolligi xartiyasi qabul qilingan bo‘lib, u moliya, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xaridlari kabi muhim sohalarda shaffoflik va halollikning yuqori standartlarini belgilaydi. Xartiyaga qo‘shilib, tadbirkorlar halol raqobat, korrupsiyaning oldini olish va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish majburiyatini oladi.
Hujjat Biznes-ombudsman, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qisqa vaqt ichida Xartiyaga ko‘plab tadbirkorlar qo‘shildi va shu bilan biznes yuritishda halollik va ochiqlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.
Forum yakunida tadbirkorlik sub’ektlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasiga qo‘shilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi va unda Xartiyaga qo‘shilgan 15 ta tadbirkorlik sub’ektlariga sertifikatlar topshirildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA