Xalqaro baholash dasturlarida Oʻzbekiston ilk bor ishtirok etadi
Vebinar Rossiya Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda Jahon bankining “READ” dasturi doirasida boʻlib oʻtmoqda.
Buning uchun taʼlim tizimida nimalar qilmoq kerak? Oʻquvchilar tayyorgarligi qanday boʻladi? Dunyo taʼlim tizimida maktab oʻquvchilarining oʻqishga sarflaydigan vaqti qanday? Fanlar uchun koʻproq vaqt sarflagan maʼqulmi? Sifatga erishish uchun qanday tajribalar kuzatilmoqda?
Bugun boshlangan, ikki kun davom etadigan “Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish – inson kapitalini rivojlantirish omili” mavzusidagi onlayn vebinarda mutaxassislar, xorijlik ekspertlar bu haqda soʻz yuritdi.
Vebinar Rossiya Taʼlim strategiyalarini rivojlantirish instituti bilan hamkorlikda Jahon bankining “READ” dasturi doirasida boʻlib oʻtmoqda. Tadbirda taʼlim sifatini baholash, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrish, maktab oʻqituvchilarining malakasini oshirish, tajriba almashish, oʻquvchilarning oʻqish, matematik va tabiiy-ilmiy savodxonligi, kreativ fikrlash koʻnikmalarini baholash va rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajribalarni oʻrganish masalalari muhokama qilinmoqda.
Oʻzbekiston taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarda ilk bor ishtirok etishni rejalashtirmoqda. 2021-yilda xalqaro PIRLS va 2022-yildagi PISA xalqaro tadqiqotlariga munosib tayyorgarlik koʻrish, shu orqali Oʻzbekistonda taʼlim sifatini yana-da yaxshilash dolzarb sanaladi. Bu borada yuqori oʻrin egallagan davlatlarning tajribalarini oʻrganish muhim hisoblanadi.
Vebinarda Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar, Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining koʻplab sohalardagi mustahkam hamkorlik aloqalariga alohida toʻxtaldi.
Inson kapitalining asosi bu, albatta sifatli taʼlimdir. Shuning uchun, xalqaro baholash dasturlarida Oʻzbekistonning ilk bor ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda Jahon bankining Moskvadagi vakolatxonasi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha katta mutaxassisi Tigran Shmis READ dasturi va uni Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirish misolida taʼlim tizimi imkoniyatlarini rivojlantirishda ekspertlar hamkorligining ahamiyati toʻgʻrisida, Rossiya taʼlim akademiyasi Taʼlimni rivojlantirish strategiyasi instituti, Rossiya taʼlim sifatini baholash markazi rahbari Galina Kovaleva esa PISA xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Rossiya Federatsiyasining tajribasi, oʻqituvchilar malakasini oshirishning muhim jihatlari, baholash vositalari va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan maʼruza qildi.
Shuningdek, Rossiyaning yetakchi ekspertlari tomonidan xalqaro tadqiqotlar doirasida baholanishi koʻzda tutilgan, oʻquvchilarning oʻqish, matematik, tabiiy-ilmiy savodxonligi va kreativ fikrlash, matnni oʻqib tushunish darajalarini baholash va rivojlantirish omillari, taʼlim tizimidagi oʻzgarib borayotgan yondashuvlar yuzasidan qimmatli maʼlumotlar berib oʻtildi.
Eslatib oʻtamiz, Rossiya davlati xalqaro tadqiqotlarda uzoq yillardan buyon uzluksiz ravishda qatnashib, muayyan davr mobaynida oʻz taʼlim tizimida munosib taraqqiyotga erishmoqda. PIRLS tadqiqoti reytingida eng yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Rossiya Federatsiyasi oʻquvchilarda amaliy koʻnikmalarni rivojlantirish, oʻquvchilar va ota-onalarning oʻqishga boʻlgan ijobiy munosabati, kitobxonlikni rivojlantirish orqali oʻqish savodxonligini yaxshilashda ilgʻor tajribaga ega.
Vebinarda READ dasturi, uni Oʻzbekistonda amalga oshirish, taʼlim tizimi imkoniyatlarini rivojlantirish, ekspertlar hamkorligi, PISA xalqaro tadqiqotiga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Rossiya Federatsiyasining tajribasi, oʻqituvchilar malakasini oshirishning muhim jihatlari, baholash vositalari va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarini ishlab chiqish, tadqiqot kontekstida oʻquvchilarning matematik savodxonligini baholash va shakllantirish, oʻqish savodxonligini baholashga oid maʼruzalar tinglandi. Bugungi kunda taʼlim tizimiga qoʻyiladigan yangi va zamonaviy talablar, xalqaro tadqiqotlarga munosib tayyorgarlik koʻrish, shu orqali Oʻzbekistonda taʼlim sifatini yana-da yaxshilash borasidagi vazifalar belgilandi.