Xalq va armiya bir tanu bir jondir
Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida “Harbiy vatanparvar oyligi” munosabati bilan xuddi shu shior ostida harbiylar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy, badiiy bayram tadbirlari, kechalar, davra suhbatlari va uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Forish tumanidagi Amir Temur nomli 5-sonli umumta’lim maktabi bilan Forish tog‘ o‘quv harbiy poligonida joylashgan “n” harbiy qism o‘rtasida keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Harbiy qism ofitserlari tez-tez maktabda bo‘lib, o‘quvchilar bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Poligon ofitserlarining tashabbusi bilan maktabda “Bizning faxrimiz” harbiy burchagi tashkil etildi. “N” harbiy qism komandiri o‘rinbosari mayor Husan Soliyev maktabda bo‘lib, o‘quvchilarga Vatanimizning mudofaa qudrati, uning bosib o‘tgan shonli yo‘li haqida so‘zlab berdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Zomin tuman kengashi tashabbusi bilan esa tumandagi 31-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 5 ta muhum tashabbusni o‘zida mujassam qilgan holda “Qadriyatni qadrlagan yurt farzandlari” nomli tadbir tashkil etildi. “Harbiy vatanparvar oyligi” doirasida uyushtirilgan tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar va shu hududda joylashgan “n” harbiy qism ofitser, serjant va askarlari bilan davra suhbati tashkil etildi. “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” shiori ostida o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga harbiy qism ofitser va serjantlaridan batafsil javoblar oldi.

Tadbir so‘ngida harbiy qism xizmatchilari harbiy qurol-aslahalar hamda harbiy texnikalar bilan o‘quvchi-yoshlarni yaqindan tanishtirdi. Jizzax shahridagi Mustaqillik maydonida “O‘zbekiston yoshlari forumi-2021” haftaligining yakuniy qismi bo‘lib o‘tdi. Unda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy orkestr va Temurbeklar maktabi o‘quvchilarining chiqishlari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA