Xalq dardini his qilish oson emas...
Maʼlumotlarga koʻra, Sirdaryo viloyatining 224 ta mahallasida 156 ming 200 dan ortiq xonadon boʻlib, qariyb 850 ming nafar aholi istiqomat qiladi.
El boshiga ish tushganda
Sardoba suv omborida roʻy bergan hodisa talafotlarini bartaraf etish boʻyicha tuzilgan maxsus ishchi guruh tarkibidagi Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi xodimlari ham aholi muammolarini hal etishda faol ishtirok etmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Sirdaryo viloyatining 224 ta mahallasida 156 ming 200 dan ortiq xonadon boʻlib, qariyb 850 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Suv toshqini natijasida yuzaga kelgan favqulodda holatda viloyatning 3 ta (Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin) tumanidagi 10 ta mahalla aholisi turli darajada zarar koʻrgan. Suv toshqinidan zarar koʻrgan barcha xonadonlar oʻrganilib, 2 ming 26 nafar fuqaro bilan suhbatlashildi, 25 ming 531 nafar fuqaroning roʻyxati shakllantirildi. Suhbat davomida uy-joy va boshqa hujjatlar bilan bogʻliq juda koʻplab muammolar aniqlandi.
– Sirdaryo ahlining boshiga tushgan bu musibat kutilmagan sinov boʻldi, – deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati rahbari S.Boymirzayeva. – Koʻplab vatandoshlarimiz uy-joylaridan, bor-budidan ayrilgan, ularning dardini his qilish mushkul, ammo mehribon xalqimiz ulardan oʻz xayr-saxovatini ayamayapti. Buni respublikamizning barcha viloyatlari timsolida koʻrish mumkin. Vazirlik tomonidan manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi va rejalashtirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Aholiga eng yaqin tuzilma, uning dardi, tashvishlari bilan yashaydigan tizim vakillari sifatida mahalla xalq bilan birga.
Suv ombori toshqinidan talafot koʻrgan barcha oilalar bilan yakka tartibda suhbatlar oʻtkazilmoqda. Jabrlanuvchilar zarur kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari bilan uzluksiz taʼminlanmoqda. Oilalarning har bir aʼzosiga xos muammolar oʻrganilib, amaliy yordam koʻrsatishga qaratilgan dasturlar shakllantirilmoqda.
Bugun vazirlikning deyarli barcha masʼul rahbarlari Sardoba voqeasidan aziyat chekkan odamlar orasida. El boshiga ish tushganda hech kim qoʻl qovushtirib turmayapti. Odamlarga katta umid bergan yana bir narsa bu – ofatni yengishga butun yurtdoshlarimiz yelkadosh boʻlayotganidir. Bu esa oʻzaro birdamlik, mehr-oqibat qaror topgan ona diyorimizda roʻy bergan falokat oqibatlari tez orada bartaraf etilishini anglatadi.
Falokat oqibatlarini tezlikda bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar, Prezidentimizning har bir mahalla, xonadonga yetkazilgan zararni shaxsan oʻzlari borib oʻrganayotgani, koʻzdan kechirayotgani odamlarga katta madad boʻlmoqda.