Xalq bilan muloqot va amaliy ishlar yangi bosqichda
O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayonini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, dastur qabul qilinishi bilanoq uning ijrosi kechiktirilmasdan boshlangani, partiyaning so‘zdan amaliyotga o‘tish tamoyiliga qat’iy amal qilayotganini ko‘rsatadi. Bugun O‘zLiDeP faollari, deputatlar va volontyorlar mahallalarga kirib borib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganib, ijobiy hal etish choralarini ko‘rmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham mazkur dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Xususan, Beruniy va “Durunki” mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Farovonlikka tomon ilk qadam” mavzusida o‘tkazilgan muhokamalar aholi bilan ochiq va samarali muloqotning yorqin namunasi bo‘ldi. Unda partiya vakillari, deputatlar va faollar ishtirok etib, yoshlar va xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni atroflicha muhokama qildi.

Muhokamalar jarayonida har bir mahalladagi mavjud muammolar asosida “muammolar xaritasi”ni shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu esa muammolarni tizimli ravishda hal qilish, ayniqsa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni bandlikka jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, aholini kasb-hunarga o‘qitish, qayta tayyorlash va tadbirkorlikka yo‘naltirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuvlar davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan ijtimoiy masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, “O‘rta qal’a” mahallasi aholisi tomonidan bolalar maydonchasi qurish va yo‘llarni ta’mirlash masalalari ko‘tarildi. Yoshlar tomonidan esa xususiy bog‘cha tashkil etish bo‘yicha huquqiy maslahatlar olindi.

Eng ahamiyatlisi, amaliy ishlar natijasi sifatida Durunki mahallasida joylashgan 56-sonli maktab o‘quvchilari uchun “Deputat stipendiyasi” joriy etildi. Ushbu tashabbus orqali a’lo baholarda o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni bilim olishga rag‘batlantirish maqsad qilingan.
Shuningdek, partiyaning “Bir oila – bir homiy” aksiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar ham alohida e’tiborga loyiq. Xususan, deputat I.Palvanov tomonidan Tosh yop mahallasida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oila holidan xabar olinib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu kabi sa’y-harakatlar kambag‘allikni qisqartirish faqat moliyaviy yordam bilan cheklanmasligi, balki ta’lim, kasb-hunar va imkoniyatlar orqali insonlarning o‘zini-o‘zi ta’minlash darajasini oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar O‘zLiDePning xalq manfaatiga xizmat qilish, har bir fuqaro hayotida ijobiy o‘zgarishlar qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarining amaliy ifodasidir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.