WBAga professional boksda taqiq qo‘yishmoqchi...
Butunjahon boks assotsiatsiyasi(WBA) professional boksning “o‘yin maydoni”dan chiqib ketishiga bir bahiya qolmoqda, deya xabar tarqatmoqda vRINGe.com sayti.
Bokschilar komissiyasi assotsiatsiyasi(AVS) WBAni chempionlik kamarlarini ko‘paytirib yuborganlikda, ringga “aloqasi bo‘lmagan” kishilarning hakamlikka tayinlanishida, profboksni korrupsion tizimga aylantirganlikda ayblagan.
WBA prezidenti Gilberto Mendoza jurnalistlarga bergan intervyusida “haqiqatan WBA bugungi kunda chuqur iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirmoqda. Ishonamanki, hammasi izga tushadi. Bu bizning katta boks olamidan chiqib ketishimizgacha olib bormaydi”, deya ta’kidlagan.
O‘z navbatida, AVS rahbari Mayk Mazzulli o‘tkazilgan musobaqalardagi nohaqliklar, berilgan tavsiyalarni qabul qilmaslik, chempionlik yo‘nalishlarining haddan tashqari ko‘payib ketishi, korrupsion tuzilmalar professional boksning eng qadimgi tashkiloti bo‘lgan WBAni bankrotlikka olib kelishini aytib, bu profboksning xalqaro federatsiyalari soni bittaga kamayishiga xizmat qilishiga e’tibor qaratgan.
Xabaringiz bor, professional boks WBA yo‘nalishining yarim yengil vazn (-55,34 kg) toifasida hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev jahon chempioni hisoblanadi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishning bir qator vaznlarida iste’dodli bokschilarimiz Shahram G‘iyosov, Shohjahon Ergashev, Isroil Madrimov, Hasanboy Do‘smatov reyting ko‘rsatkichi bo‘yicha jahon chempionligiga da’vogar bokschilar sanalishadi.
WBA osmonida qora bulutlarning paydo bo‘lishi nafaqat o‘zbekistonlik, balki jahon charm qo‘lqop olamida yuqori mavqeiga ega bo‘lgan amerikalik Entoni Joshua, rossiyalik Dmitriy Bivol, meksikalik Saul Alvares, britaniyalik Josh Teylor, yaponiyalik Xiroto Kyoguchi kabi boks yulduzlarining qaynoq faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agarki, WBA dunyo boks sahnasini tark etsa, yuzlab chempionlar va endi-endi profboksda nom qozonayotganlar “hech kim”ga aylanib qolishi, shubhasiz.
Yahoo!Sports nashri keltirgan munosabatda esa quyidagi fikrlar ilgari surilgan: AVS va WBA o‘rtasidagi munozara uzoq davom etadigan jarayon. Lekin e’tirozlar o‘rinli. Ammo jahon professional boks olami WBAsiz “kemtik va ko‘rimsiz” bo‘lib qoladi. Shu ma’noda, WBAni isloh qilish orqali profboks safida buzilmaslikka erishish bugungi dunyo boks infratuzilmasi va uning sportchilari uchun eng maqbul yo‘ldir.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA