Volontyorning vazifasi nimadan iborat?
Dunyoda volontyorlik faoliyati rivojlanib borayotganini istisno etmagan holda aytish mumkinki yurtimizda ushbu zamonaviy ijtimoiy harakat azaldan chuqur ildiz otgan.
Hozirgi vaqtda yer yuzida 100 ga yaqin mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Ular davlatlar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligi bois, ko‘ngillilar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagiga aylanmoqda. Volontyorlik faoliyati insonga oldingilarga o‘xshamagan kuchli ishonch va shukronalik hissini taqdim etadi. Ba’zi hollarda volontyorlik faoliyati insonning hayotdagi yashash maqsadini anglashga va keyingi rejalarini aniqlashtirish imkonini ham berishi mumkin.
Mamlakatimizda 2019 yil 2 dekabrda “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida” gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, volontyorlik faoliyatining maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam ko‘rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, o‘zini o‘zi tashkil etishni, ijtimoiy mas’uliyat, birdamlik, o‘zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iboratdir. Volontyorlik faoliyatining vazifalari esa fuqarolarni aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan turli xil jamoat faoliyatiga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish, ijtimoiy vazifalarni hal etishda jamiyatga yordam ko‘rsatish, volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, aholida sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalash, fuqarolar tomonidan ijtimoiy vazifalarni hal etish uchun o‘zini o‘zi namoyon etish va o‘zini o‘zi tashkil etish ko‘nikmalarini olishdan iborat. Volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, beg‘arazlik prinsiplariga asoslanadi.
Yurtimizda ko‘plab volontyorlik guruhlari mavjud bo‘lib, ularning katta qismini yoshlar, asosan, universitet va institut talabalari tashkil etadi. Ko‘ngilli yoshlar volontyorlik yo‘nalishlarini tanlashda o‘z sohalariga yaqin yoki kelajakdagi rejalari bilan bog‘liq yo‘nalishlarni tanlashga e’tibor berishi mumkin. Albatta, keyinchalik bunday faoliyat ularda kerakli ko‘nikmalarni rivojlantirishda yordam beradi. Hattoki, faoliyat turi ko‘ngilli mutaxassisligi bilan bog‘liq bo‘lmagan taqdirda ham unda liderlik, muloqot qilish, ochiq fikrlash kabi har qanday soha uchun kerakli ko‘nikmalarni hosil qilishga zamin yaratadi.

Serg‘ayrat yoshlar orasida Buxoro davlat universiteti talabalari ham bor. Oliygohda 2022 yil 17 oktyabr kuni volontyorlik markazi ochildi. Markazda “Ma’naviy-ma’rifiy, sport va ommaviy tadbirlardagi volontyorlik”, “Ijtimoiy volontyorlik”, “Eko volontyorlik”, “Tarjimon volontyorlik”, “Media volontyorlik” yo‘nalishlari mavjud. 100 ga yaqin talabalar faoliyat yuritmoqda. Universitetda volontyorlik markazi tashabbusi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, mehr-saxovat, intellektual, aqlni charxlovchi loyihalar, sport musobaqalari, kitobxonlik tanlovlari o‘tkazilib kelinmoqda. Iqtidorli talabalar universitet, viloyat, respublika va xalqaro tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallab, munosib rag‘batlantirilmoqda.
Buxoro davlat universiteti volontyorlik markazi va MIREA – Rossiya texnologik universiteti volontyorlik markazi o‘rtasida hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtidorli va tashabbuskor talabalarni zamonaviy ilm-fan sohasiga jalb etish, volontyorlik harakatini kengaytirish, yoshlarda yetakchilik, liderlik hamda kreativ fikrlash qobiliyatini rivojlantirish vazifalarini o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, Respublika miqyosida Samarqand davlat chet tillari instituti volontyorlar jamoasi bilan ham do‘stona hamkorlik ishlari davom etib, loyihalar amalga oshirilmoqda. Biz volontyorlarning asosiy maqsadimiz raqobat emas, balki insonlarga yaxshilik qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish, jamiyatda loqaydlik va beparvolik kabi yomon odatlarni oldini olishdir.
Rustamjon Rahimboyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Yoshlar parlamenti a’zosi,
Buxoro davlat universiteti talabasi,
Volontyorlik markazi bosh koordinatori.
O‘zA