Vohaning investitsiya salohiyati real iqtisodiy natijalarga aylanmoqda
So‘nggi yillarda Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududdan davlat tashabbuslar xususiy loyihalar bilan uyg‘un holda hayotga tatbiq etilayotgan kuchli sanoat-xizmat ko‘rsatish xabiga aylanmoqda. Bunday tub o‘zgarishga hududda biznes tizimli qo‘llab-quvvatlanayotgani natijasida erishildi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ushbu tizimning asosiy bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qilmoqda. Navbatdagi press-tur davomida jurnalistlar kredit vositalari qanday qilib muvaffaqiyatli tadbrikorlik faoliyati uchun zamin yaratayotganini bilib olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Moliyaviy resurslar – taraqqiyot drayveri
Surxondaryodagi o‘zgarishlar ko‘lamini raqamlarda yaqqol ko‘rish mumkin. “O‘zmilliybank” AJning viloyatdagi bosh boshqarmasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan strategik moliyaviy muassasa hisoblanadi. Ayni paytda 3 ta markaz va 4 ta bank xizmatlari ofisi hamda 50 ta bankomatdan iborat takomillashgan tarmoqqa ega filial 281 mingdan ortiq mijozga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Shundan 7,7 mingdan ziyod yuridik shaxs o‘z biznesini kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi.
Filialning kredit portfeli 2,597 trillion so‘mdan ortiqni tashkil etib, ushbu mablag‘ viloyatdagi ustuvor yo‘nalishlarni rivojlantirishga, xususan qariyb 500 milliard so‘m xizmat ko‘rsatish sohasiga, 148 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy resurslar sanoatga, 106 milliard qishloq xo‘jaligiga, 89,6 milliard qurilish va 47,9 milliard savdo sohasiga yo‘naltirildi. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 322,4 milliard so‘m ajratilgan. Kelajakka kiritilgan bu sarmoya natijasida 15 ming nafar bola sifatli maktabgacha ta’lim bilan qamrab olindi.
– Boshqarma zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi, – deydiBankning viloyatdagi Bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Madumar Yo‘ldoshev. – Surxondaryodagi fuqarolarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida 120 nafar malakali xodim faoliyat yuritmoqda. Aholini tadbirkorlikka faol jalb qilish asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratamiz. Birgina joriy yilning o‘tgan davrida oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining innovatsion biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun bank tomonidan 60 milliard so‘m ajratildi. Bu ertaga voha iqtisodiyotining tayanchiga aylanadigan yoshlarga kiritilgan sarmoyadir.
Prezidentning 2025-yil 14-fevraldagi “ Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan biznes loyihalarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida “O‘zmilliybank” AJ oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining startap va loyihalarini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Surxondaryo filiali tomonidan ushbu maqsadlarga 17,7 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratilgan. Buning natijasida mingga yaqin bitiruvchining bandligi ta’minlandi.
Ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash – kelajakka sarmoya
Uzun tumanida amalga oshirilgan loyiha bank investitsiya siyosatining ijtimoiy ahamiyati ko‘lamiga misol bo‘la oladi. “O‘zmilliybank” AJ ko‘magida bu yerda “Surxonim mitti erkatoylari” zamonaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi.
– 2024-yilda 2,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli moliyalashtirish oldik, – deydi bog‘cha asoschisi To‘lqin Abdullayev. – Ushbu mablag‘larni binoni qurish va jihozlashga yo‘naltirdik. 12 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlab, o‘sib kelayotgan avlod uchun xavfsiz va do‘stona muhit yaratdik. O‘zimizning futbol maydonchamiz, bolalarni uydan olib ketadigan bepul xizmat transportimiz bor. Ota-onalar uchun qulay sharoitlar yaratishga intilamiz. Bog‘chamiz 100 o‘ringa mo‘ljallangan, lekin talab yuqori bo‘lganligi sababli Milliy bank ko‘magida o‘rinlar sonini 250 taga yetkazishni rejalashtiryapmiz.
Yirik korxonaning ikkinchi hayoti
“O‘zmilliybank” AJ investitsiya portfelida yirik ishlab chiqarish majmualarini sog‘lomlashtirish rejalari alohida o‘rin tutadi. “Zilantex” MCHJ misolida o‘z vaqtida ko‘rsatilgan moliyaviy yordam orqali korxona faoliyatini saqlab qolish mumkinligini ko‘rish mumkin. 2018-yilda ishga tushirilgan, kuniga 35 tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega, 450 nafar ishchi mehnat qilgan ushbu to‘qimachilik fabrikasi ma’lum qiyinchiliklarga duch kelib, 2024-yilda uning faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan edi.
– “O‘zmilliybank” AJ tashabbusi bilan o‘tgan yili zavodni qayta tiklash ishlari boshlandi. Buning uchun 22 million dollar aylanma mablag‘ jalb qilindi. Natijada 2025-yilning sentabr oyida korxona yana to‘liq quvvat bilan ishga tushdi, – deydi direktor o‘rinbosari Akbar Qilichev. – Biz barcha ish o‘rinlarini tikladik, yangi trikotaj fabrikasini ochib, yana 180 ta ish o‘rni yaratdik. 630 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Ip-kalavalarimizga nafaqat mamlakat ichida, balki tashqi bozorlarda ham talab yuqori.
Turizm va barqaror rivojlanish
Vohada turizm sohasi ham izchillik bilan rivojlanmoqda. Biroq viloyatning hamma tumanlarida ham sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratilmagan. “Kimyo savdo mineral qurilish” MCHJ ushbu muammoni hal etish maqsadida 2 milliard so‘m miqdorida qarz mablag‘ini olib, Termiz markaziy trassasi bo‘yida mehmonxona va kafe barpo etdi.
– Mehmonxona o‘zining qulay joylashuvi va ekologik yondashuvi bilan turistlarni jalb qiladi. 350 million so‘m evaziga quvvati 30 kilovatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatdik. Shu tariqa, energiya barqarorligimiz oshib, xarajatlarimiz qisqardi – deydi korxona rahbari Xolmurod Bo‘ronov. – Hozirda 25 nafar xodim mehnat qilyapti. Xona ijarasi narxiga shahar bo‘ylab sayohatlar uyushtiruvchi avtobuslardan foydalanish xizmati ham kiritilgan. Kafeni jihozlash ishlari yakuniga yetkazlyapti va tez orada uni ishga tushirib, sayyohlar uchun to‘laqonli majmua yaratamiz. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda xorijiy mehmonlar oqimi ortgani sababli Milliy bank ko‘magida binoni kengaytirib, xonalar sonini ko‘paytirishni rejalashtiryapmiz.
[gallery-29045]
Xalq uchun qulaylik
Davlatimiz rahbarining brutto-shartnoma tizimini joriy etish tashabbusi Termiz shahrida jamoat transporti rivojlanishiga katta turtki berdi. Ushbu tizimda barcha tushum vakolatli davlat organi byudjetiga o‘tkaziladi, u esa, o‘z navbatida, tashuvchiga bajarilgan ish hajmi va xizmat ko‘rsatish darajasidan kelib chiqib, reyslar uchun haq to‘laydi. “Termiz transport xizmat” MCHJ ushbu jarayonning faol ishtirokchisi hisoblanadi.
– 16,1 million xitoy yuani miqdoridagi imtiyozli moliyalashtirish hisobiga Xitoydan 35 ta avtobus xarid qildik. Texnikani tanlashda qulaylik va konditsionerlar sifatiga alohida e’tibor qaratdik. Sababi, ham mahalliy, ham xorijiy mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish biz uchun ustuvor vazifa hisoblanadi, – deydi korxona direktori Umid Xolimqulov. – 60 nafardan ortiq, shu jumladan haydovchi, dispetcher va hamshiralarning bandligini ta’minladik. Termiz shahri va shahar atrofidagi hududlarda yo‘lovchilarga uzluksiz xizmat ko‘rsatish uchun 105 ta jamoat transportiga ehtiyoj mavjud. Shu bois, hozirda avtoparkni kengaytirish ustida ishlab, yaqin kelajakda Milliy bankdan yangi kredit mablag‘larini jalb qilishni rejalashtiryapmiz.
Orzu real haqiqatga aylanmoqda
Surxondaryoda nodavlat sog‘liqni saqlash sektorida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. 2025-yilda o‘z faoliyatini boshlagan “El Sher Med” xususiy klinikasi shifokor va tadbirkorning maqsadlari ro‘yobga chiqqanining ifodasi bo‘ldi.
– Milliy bank tomonidan ajratilgan 2,2 milliard so‘mlik imtiyozli sarmoya evaziga binoni sotib olib, yuqori texnologiyali tibbiyot markazini ochdik. 20 dan ortiq mutaxassisni ishga oldik. Har kuni 100 dan ortiq bemorni qabul qilamiz, – deydi klinika asoschisi Elbek Suvonov. –Kardiologiya, ginekologiya va stomatologiyadan tortib, tor ixtisoslikdagi trixologiya, dermatokosmetologiya va dermatovenerologiya kabi eng talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatamiz. “O‘zmilliybank” AJ ko‘magida qo‘shni tumanda ikkinchi klinikamizni ochishni ham rejalashtiryapmiz.
Termizning yangilanayotgan qiyofasi
“Surkhon Sandwich” MCHJ “O‘zmilliybank” AJning qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ishonchli hamkorlaridan hisoblanadi. Sendvich-panellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod 11,4 milliard so‘mlik investitsiyani o‘zlashtirib, ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun yana 3 milliard so‘m jalb etmoqda. Quvvatlarning oshishi mahalliy bozorni viloyatning jadal rivojlanayotgan infratuzilmasi uchun zarur bo‘lgan sifatli materiallar bilan ta’minlash imkonini beradi. Yuqori moliyaviy intizom va barqaror talab hisobiga ushbu loyiha hududning qurilish sohasi drayveriga aylanmoqda.
Press-tur yakuni bilan bir narsani aniq aytish mumkinki, bank va tadbirkorlarning uzoq muddatli hamkorligi Surxondaryo viloyatida muvaffaqiyatli biznes formulasining asosidir. Moliya instituti strategik maslahatchi va tayanch vazifasini, biznes esa sifat va ish o‘rinlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganda, sarmoyalar odamlar hayotini tubdan o‘zgartiradigan kuchga aylanadi.
O‘zA