Vodilda ijodkorlar jam bo‘ldi
She’riyat olamining lojuvard satrlari insonlarni yaxshilikka, mehr-muhabbatga, ezgu ishlarga undaydi.
She’riyat olamining lojuvard satrlari insonlarni yaxshilikka, mehr-muhabbatga, ezgu ishlarga undaydi. Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan “Diydor shirin” deb nomlangan tadbirda ham bu yana bir bor namoyon bo‘ldi. Bu tadbir yurtimiz va qo‘shni davlatlarning ijodkorlarini o‘z bag‘riga chorladi.
Tadbir avvalida farg‘onalik ijodkor Farida Anis o‘zaro do‘stlik va ijodiy hamkorlikning bardavom bo‘lishini tiladi va o‘zining she’rlaridan namunalar keltirdi. Shundan so‘ng mushoira boshlandi, ijodkorlarning yangi she’rlari davraga yanada fayz bag‘ishladi.
– Qo‘shni mamlakatlarda yashab ijod etayotgan ijodkorlar bilan yaqin, do‘stona aloqalar o‘rnatib, ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, – deydi tadbir tashkilotchisi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Marhamat tumani faoli Muqimjon Nurboev. – Birgalashib tabiat qo‘ynida hordiq olishga, go‘zal mushoiralarga ne yetsin. Maqsad oddiy – ijodkorlar bilan tinchlik, omonlik davrimizni madh etish.
– O‘zbek va tojik xalqini ildizi baquvvat, osmonga bo‘y cho‘zgan chinor daraxtining ikki shoxiga qiyoslagim keladi, – deydi Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Hasanboy G‘oyib. – Ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilandi, azaldan do‘stu birodar bo‘lmish xalqlarimiz orasidagi bordi-keldi yana tiklandi. Demakki, barchamiz bir javhardan yaralgan ekanmiz, Alloh ato etgan katta ne’mat – azaliy do‘stligimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashimiz lozim. Do‘stlik va ahillik bo‘lsa ona zaminimizda tinchlik ustuvor bo‘ladi.
Ey Vatandosh, shu aziz yurt – ona Turon,
Barchamizga jondek aziz, qutlug‘ makon.
Kel, yashaylik shu vatanda ahil, omon,
Ahillik ham Yaratganga itoatdir.
Davrada do‘stlik, vatan, tinchlik, ona, yor mavzusidagi bir-biridan dilbar she’rlar jarang sochdi. Ijodkorlar bir piyola choy ustida yurtimizdagi tinchlik va osudalikka, baxtiyor kunlarga shukrona keltirib, shodon raqsga tushdi.
– Avvalo, o‘zbek xalqini mustaqilligingizning 28 yilligi bilan qutlayman, – deydi Afg‘onistondan tashrif buyurgan fors tili va adabiyoti o‘qituvchisi Muhammad Asif Saodat. – Men erkin ijodkor sifatida o‘zbek adabiyotini sevib o‘qiyman. Ayniqsa, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi mumtoz adabiyot vakillarining ijodiga qayta-qayta murojaat qilaman.
Shuningdek, tadbir doirasida “Milliy qadriyatlar adabiy talqindaʼʼ deb nomlangan adabiy-badiiy tadbir va konferensiya, Muhammad Yusuf xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlov g‘oliblarining she’rlari jamlangan “Do‘stlar guldastasi”, “Muhammad Yusuf izdoshlari” va turk tilida chop etilgan “She’r ifori” nomli kitoblarining taqdimotlari o‘tkazildi.