Viloyat hokimi To‘raqul otani yo‘qladi
Davlat rahbari O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan 100 yoshdan oshgan bir guruh yurtdoshlarimizni “Shuhrat” medali bilan mukofotladi. Ular orasida Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida yashovchi 105 yoshli To‘raqul ota Tangriyev ham bor.
Bugun “Xo‘jakon” mahallasidagi otaxon yashaydigan xonadon viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, jamoatchilik va mahalladoshlari bilan yanada gavjum bo‘ldi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Prezident nomidan To‘raqul otani tabrikladi. Uning ko‘ksiga “Shuhrat” medalini taqdi. Bayram sovg‘alarini topshirdi.

To‘raqul ota chinakamiga mehnatdan baxt topganlardan. O‘zining aytishicha, 40 yil davomida kolxozda mexanizatorlik qilgan. Qishloq xo‘jaligi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan. Paxta ekish, chopiq qilish, suv quyish, pilla boqishda katta muvaffaqiyatlarga erishib, xo‘jalikning boshqa a’zolariga o‘rnak bo‘lib kelgan. Ikkinchi jahon urushi davrida ham front ortida turib xalqi, yurti uchun o‘zining mehnatini ayamagan. Qolaversa, Qorako‘l tumanida bo‘z yerlarni o‘zlashtirish, sho‘rxok maydonlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda namuna ko‘rsatgan zahmatkash sifatida ko‘pchilikning hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Halol mehnati ortidan turmush o‘rtog‘i Hidoyat aya bilan 4 o‘g‘il, 4 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazgan. Bugungi kunda ular xalq xo‘jaligining turli jabhalarida mehnat qilmoqda.

Qahramonimiz esa farzandlari, kelinlar, 22 nafar nevara, 7 nafar evara, shu bilan birga mahalladagilarning ardog‘i, davlatimizning g‘amxo‘rligi ostida umrguzaronlik qilmoqda.
To‘raqul ota ushbu kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukur aytib, odamlarning farovon yashashi yo‘lida xizmat qilayotgan davlatimiz rahbariyatiga sog‘lik-omonlik so‘rab, duo qildi.
To‘kin dasturxon atrofida o‘tgan samimiy suhbatda yurtimizdagi osoyishta kunlar, mahallalarda odamlarning turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, e’zoz va qadr topayotgan nuroniylar hayoti bosh mavzu bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA