Viloyat hokimi talabalar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib, talabalar bilan muloqot o‘tkazdi.
Viloyat hokimi institutga talabalikka qabul qilingan yoshlarni samimiy muborakbod etar ekan, bugungi globallashuv davrida yurtimizda yosh avlodning ta’lim olishi, tarbiyasi va kelajagi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, yoshlar ushbu imkoniyat va e’tiborga munosib bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etadigan bilimli va malakali mutaxassislar sifatida kamol topishlari zarurligini alohida qayd etdi.

– Yoshlar mamlakatimiz kelajagiga, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashashi kerak, – dedi viloyat hokimi. Qachonki yoshlarimizda daxldorlik, mas’uliyat hissi bo‘lsagina, ular o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘ladi, jamiyatda hurmat-e’tibor topa oladi, ona yurtini ardoqlab yashaydi.
Uchrashuvda viloyat hokimi talaba yoshlarni qiziqtirgan masalalar, jumladan, o‘qish va ta’lim jarayoni, talabalarning turmush sharoiti, o‘qishdan tashqari faoliyat, yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi savollariga batafsil javob qaytardi.

Shuningdek, viloyat hokimi talabalarning muammo, taklif, tashabbus, fikr va mulohazalarini eshitdi, muammolarni hal etish, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqotda talabalar yurtimizda yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar uchun o‘z minnatdorliklarini bildirdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari