Viloyat hokimi talabalar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon iqtisodiyot va qurilish institutida bo‘lib, mazkur ilm dargohida talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, ular bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashish, iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, xususan, yurt taraqqiyoti va ravnaqini bevosita taqdiri bilan bog‘layotgan talaba-yoshlar hamisha e’tiborda ekanligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, muloqot davomida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar, ularning Andijondagi ijrosi xususida so‘z yuritildi.
– Bugun mamlakatimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, umuman, yoshlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Shu jumladan, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari talabalarini o‘qib, puxta bilim olishi, ilmiy-tadqiqotlar olib borishi, o‘z sohasining malakali mutaxassisi sifatida kamol topishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, yuqori natijalarga erishayotgan faol va tashabbuskor yoshlarimiz safi juda keng. Shu o‘rinda Prezidentimiz tashabbusi bilan ikki yil avval tashkil etilgan Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti talabalari ham kelgusida yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan yoshlar qatoridan munosib joy olishiga ishonaman.
Muloqot jarayonida viloyat hokimi talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA