Viloyat hokimi mard, jasur jangchi xonadonida bo‘ldi
Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Muhiddin Eshtemirov nomli mahalla bor. Bu mahallaning yoshu-qarisi mustaqillikning ilk yillarida sarhadlarimiz daxlsizligi va bugungi tinch, osuda hayotimiz uchun jon fido qilgan serjant Muhiddin Eshtemirov bilan faxrlanib yashaydi. Bayramlar arafasida mard, jasur o‘g‘lon kamolga yetgan Manzura momo Dillayeva xonadoni turli soha vakillari, harbiylar, yoshlar va mahalladoshlari bilan yanada gavjum bo‘ladi.
Qurolli Kuchlarimiz safida shartnoma asosida xizmat qilgan serjant M.Eshtemirov 2001 yil Sariosiyo va Uzun tumani tog‘larida tinch, farovon turmushimizni buzishga uringan jangarilarga qarshi beayov kurashib, Vatanga sadoqati va ona tuprog‘iga muhabbatini namoyon etdi.
Sariosiyo tumanining tog‘li hududlarida noma’lum qurollangan shaxslarning harakatlari haqida ma’lumot olingach, serjant M.Eshtemirov xizmat qilayotgan bo‘linma shaxsiy tarkibiga jangovar vazifa qo‘yildi. Qaltis vaziyatda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borgan 26 yoshdagi Muhiddin holatning jiddiyligini inobatga olib, o‘ta sergaklik bilan harakat qildi va tevarak-atrofni sinchkovlik bilan kuzatdi. Kutilmaganda pistirmaga duch keldi. Terrorchilar bilan jangga kirishib, ikki jangarini yer tishlatdi. Pistirma tomon qo‘l granatasini uloqtirib, pistirma haqida safdoshlariga xabar berishga ulgurib qoldi. Juda qisqa otishmada serjant Muhiddin Eshtemirov jasorat ko‘rsatdi. Biroq o‘zi ham mardlarcha halok bo‘ldi.
Vatan osayishtaligi uchun jonini fido qilgan botir, mard jangchining hayot bilan vidolashganiga yigirma yildan oshgan bo‘lsa-da, u xalqimiz qalbida abadiy yashamoqda. Uning jasoratga yo‘g‘rilgan hayot yo‘li yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatilmoqda. Muhiddinning mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashda ko‘rsatgan qahramonligi vafotidan so‘ng davlatimizning yuksak mukofoti – “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 10, 15, 20 yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlari bilan mukofotlandi. U ta’lim olgan maktabda xalqimiz tinchligi uchun ko‘rsatgan jasorati o‘z aksini topgan burchak tashkil etilgan. Harbiy qismlarda uning qasamyodiga sodiqligi o‘z ifodasini topgan surat va lavhalar yosh harbiylar uchun tom ma’nodagi ibrat maktabi vazifasini o‘tamoqda. Qasamyodiga sodiq jangchi ulg‘ayib, voyaga yetgan mahallaga Muhiddin Eshtemirov nomi berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimov ham Muhiddin Eshtemirov ulg‘aygan xonadonda bo‘lib, uning yorqin xotirasini yodga oldi. Vatanga sodiq, mard farzandni tarbiyalagan Manzura momo bilan suhbatlashib, bayram sovg‘alarini topshirdi.
– O‘g‘lim Muhiddinjon qisqa, ammo jasoratga to‘la umri davomida kelgusi avlodlarga ham namuna bo‘ladigan hayot yo‘lini bosib o‘tgani qalbimga taskin beradi, – deydi M.Eshtemirovning onasi Manzura Dillayeva. – Mamlakatimiz ravnaqi, xonadonlarimiz osoyishtaligi uchun jonidan kechib, Vatan himoyasida jasorat ko‘rsatdi. Har yili bayramlar arafasida harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari uyimizga kelib, hol-ahvol so‘rab turibdi. Moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashmoqda. Jigarbandimning xalqimiz qalbida abadiy yashayotgani bizga dalda bo‘lmoqda. Buning uchun davlatimizdan cheksiz minnatdormiz.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA