Vera Tolpeyevaga davlat rahbarining tabrigi yetkazildi
Xotira va qadrlash kuni arafasida Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibrohimov Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi maqomiga tenglashtirilgan, 99 yoshli Vera Tolpeyevaning xonadoniga tashrif buyurdi. Viloyat prokurori Prezidentimizning Vera momo Tolpeyevaga shaxsan yo‘llangan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 19 fevraldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Vera Tolpeyevaga inom etilgan bir martalik 25 million so‘mlik pul mukofoti hamda “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligi” yubiley medali tantanali ravishda topshirildi.
Asli ona yurti Ukraina bo‘lgan Vera Tolpeyeva Ikkinchi jahon urushining ilk kunlaridan asirlikka tushib qoladi va nemis konslagerlarida mahbuslar qatorida yashashga majbur bo‘ladi.
Konslagerdan ozod etilgach, yosh Vera urushdan so‘ng o‘sha davrdagi komsomol chaqirig‘i bilan O‘zbekistonga jo‘natiladi.
Vera Tolpiyeyeva mehnat faoliyati davomida Jizzax shahrida mamlakat iqtisodiyotiga, qurilishiga, obodonchiligiga, Jizzaxning ko‘rkam va go‘zal shaharga aylanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.
Ukrain qizi shu yerda oila qurdi, farzandlarini tarbiyaladi. Garchi bugungi kunda xastalanib, to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsada, farzandlarining qaramog‘ida ekanligidan, davlatimizning doimiy g‘amxo‘rligidan minnatdor ekanini aytishga quvvat topa oldi.
Jizzax garnizoni vakillari va faxriyning oila a’zolari ishtirokida o‘tgan tadbirda onaxon singari faxriylar doimo e’zozda ekanligi alohida ta’kidlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari