Vengriyada hokimiyat almashishi kutilmoqda (+video)
Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida muxolifatdagi “Tisa” partiyasi g‘alaba qozondi, deb xabar berdi VVS nashri.
16 yil davomida hokimiyatda bo‘lgan bosh vazir Viktor Orban va uning “Fides” partiyasi natijalar hali rasman to‘liq tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, allaqachon mag‘lubiyatni tan oldi. G‘alabadan keyin Budapesht markazida Peter Madyar o‘z tarafdorlari oldida chiqish qildi. Bu g‘alaba nafaqat partiyaniki, balki butun Vengriyaniki ekanini ma’lum qildi. Uning fikricha, saylov natijalari mamlakatda katta o‘zgarishlar boshlanishini anglatadi.
Bu saylovda ishtirok etganlar soni ham juda yuqori. Ovoz berishda saylovchilarning qariyb 74 foizi qatnashgan, ma’lumotlarga ko‘ra, bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri.
Madyar o‘z nutqida vengrlar bu saylov orqali Yevropa yo‘lini tanlaganini aytdi. U yangi hukumat oldida katta ishlar turganini ma’lum qilib, odamlarni bugungi natijani tinch nishonlashga, ertadan esa mamlakatni “tiklash”ni boshlashga chaqirdi.
Yevropa yetakchilari ham bu natijani iliq qarshi oldi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Vengriya Yevropani tanlaganini aytdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham yangi rahbariyat bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Madyarni tabriklab, Vengriya bilan munosabatlarni rivojlantirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Chunki, Orban davrida Vengriya Rossiyaga yaqin davlatlardan biri hisoblanar va ko‘p hollarda Ukrainaga yordam qarorlarini to‘sib kelardi.
Saylov oldidan Orban va “Fides” partiyasi asosan Ukrainadagi urush mavzusiga urg‘u bergan edi. Ular Yevropa va Ukraina Vengriyani mojaroga tortayotganini aytib keldi.
Saylov natijalari esa mamlakatda siyosiy vaziyat o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. Ko‘plab saylovchilar Peter Madyar va uning dasturini qo‘llab-quvvatladi. Ayrim odamlar hatto xorijdan qaytib kelib ovoz berishdi.
Umuman olganda, bu saylov nafaqat Vengriya ichida, balki butun Yevropa uchun muhim voqea sifatida baholanmoqda.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/-lcMctGyE24" title="Vengriyada hokimiyat almashishi kutilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA