Venesuela nefti masalasida Tramp nimani ko‘zlayapti?
Donald Trampning “AQSH Venesuelani yillar davomida boshqarishi va ushbu mamlakat neftidan foydalanishi mumkin” mazmunidagi bayonoti xalqaro maydonda jiddiy savollarni paydo qildi.
Bu gaplar Nikolas Maduro qo‘lga olingandan ko‘p o‘tmay yangragani tufayli yanada keskin tus oldi, deb yozmoqda "Euronews".
Vashington rasmiy bayonotiga ko‘ra, Maduro va uning rafiqasi giyohvand moddalar savdosi hamda qurol bilan bog‘liq ayblov asosida Nyu-Yorkka olib ketilgan. Tramp esa voqeani yashirmay, Venesuelada “tartib o‘rnatilishi mumkinligi"ni ochiq aytmoqda. Ayni holat suveren davlat ustidan tashqi boshqaruv masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi.
Bu jarayonda asosiy omil — neft. Venesuela dunyodagi eng ko‘p tasdiqlangan "qora oltin" zaxirasiga ega. Tramp ma’muriyati aynan shu resursni iqtisodiy va siyosiy bosim vositasi sifatida ko‘ryapti. Taklif qilinayotgan rejaga ko‘ra, AQSH Venesuela neftini sotadi, tushgan pul Amerika mahsulotlarini xarid qilishga yo‘naltiriladi. Ya’ni, pul aylanmasi Vashington manfaatiga xizmat qiladi.

Venesuela muvaqqat rahbari Delsi Rodriges mamlakatni hech kim tashqaridan boshqarmayotganini iddao qilmoqda. Siyosiy tahlilchilar esa uning hokimiyati ichki tayanchga emas, aynan AQSH ko‘magiga tayanayotganini ta’kidlamoqda. "Mamlakat suvereniteti qay darajada mustahkam? degan savolga esa hozircha aniq javob yo‘q.
Venesuela xalqi orasda ham fikrlar xilma xil: ayrimlar Qo‘shma Shtatlar nazorati iqtisodiy barqarorlik olib kelishiga umid qilsa, boshqalar holatni qaramlikning yangi shakli sifatida baholayapti. Tajriba ko‘rsatadiki, tashqi kuchlar kirib kelgan hududda ko‘pincha oddiy odamlar ko‘proq zarar ko‘radi.
Umuman, yuzaga kelgan vaziyat butun Amerika qit’asi uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lishi mumkin. Trampning “boshqa davlatlar ham navbatdagi nishon bo‘lishi mumkin” qabilidagi ishorasi mintaqada xavotirni kuchaytiradi. Senatda esa bunday harakatlar Kongress roziligisiz qanchalik qonuniyligi mavzusi muhokama qilinmoqda.
Venesuela masalasi hozir faqat bir davlat taqdiri emas. Bu — kuch, resurs va siyosiy ta’sir uchun global kurashning navbatdagi sahifasi. Trampning bayonotlari esa XXI asrda ham “kim kuchli bo‘lsa, o‘shaning gapi o‘tkirroqmi?” degan savol hanuz dolzarbligini ko‘rsatayotgandek.
Musulmon Ziyo, O‘zA