Velosiped o‘g‘risining “omadli “yurish”iga chek qo‘yildi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida 1982 yilda tug‘ilgan, ayni vaqtda Navoiy viloyati Uchquduq shahri “Tinchlik” ko‘chasida istiqomat qiladigan S.N.ning “omadli yurish”lariga ichki ishlar xodimlari tomonidan chek qo‘yildi.
Qirq yoshni qoralagan bo‘lishiga qaramay bir ishning boshini tutmagan bu yigit oson yo‘l bilan pul topishni o‘ziga “kasb” qilib oladi.
– Fuqaro “Tog‘” ko‘chasidagi uylarning biriga hovli tomondan o‘g‘rincha tushib, bir dona “Ural” rusumli velosipedni o‘g‘rilab ketgan, – deydi tuman IIB tergov guruhi surishtiruvchisi Abbos Navro‘zov. – U velosipedni 220 ming so‘mga pullagandan so‘ng, “ovi”ni davom ettirib, bu gal ko‘p qavatli uy kirish qismida qarovsiz qoldirilgan velosipedlarni ham o‘g‘rilab, pullaydi. Ko‘p qavatli uylarning kirishida qarovsiz qoldirilgan velosipedlarni osongina o‘g‘irlayotganidan “havolangan” S.N. Avezov ko‘chasi tomon “yurish” qiladi va 26-uyning ikkinchi kirishidan yana bitta velosipedni o‘g‘irlab, 200 ming so‘mga sotib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Yanayam to‘g‘rirog‘i, spirtli ichimliklarga mukkasidan ketganligi bois, o‘g‘rilik qilib topgan pulining barchasini aroqqa sarflagan.
Unga nisbatan yaqinda sud hukmi o‘qildi va S.N.ga 2 yil 6 oy ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA