Vazir va talabalar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqotda vazir barqaror va samarali innovatsion ekotizimda sifatli ta’lim, ilmiy izlanishlar va ishlanmalarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri haqida ma’ruza qildi.

Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov keyingi yillarda O‘zbekistonda innovatsion infratuzilma va ekotizim yaratilib, innovatsion ishlanmalar va ilm-fanni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari joriy etilgani, ilmiy tadqiqotlarga davlat xarajatlari sezilarli darajada oshirilganligini ta’kidladi.

Uchrashuvda I.Abdurahmonov vazirlik tomonidan tashkillashtirilib kelinayotgan qator tanlovlar haqida to‘xtaldi. Xususan, har yili InnoWeek.uz xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida “Robotic Challenge” musobaqasi, Turkiy dunyo yoshlarining ilm-fan va innovatsiyalar xalqaro kongressi, Turkiyada o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan “TechnoFest” kabi tanlovlar haqida ma’lumot berdi va shu kabi tanlovlarda talabalarni faol ishtirok etishga chaqirdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA