Vazir sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini o‘rgandi
O‘zbekiston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini o‘rgandi.
Uchrashuvlar davomida vazir Amudaryo tumani “Do‘rmon” ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Qaldirg‘och” oromgohida bo‘lib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, oshxona, kutubxona, to‘garak xonalari hamda dam olish maskanlari ko‘zdan kechirildi.

Ta’kidlash joizki “Do‘rmon” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 84-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida faoliyat yurituvchi “Qaldirg‘och” dam olish maskani 2026-yil yoz mavsumiga to‘liq tayyor holga keltirilgan.Oromgohda yozgi mavsum davomida Sport hamda Madaniyat vazirliklari bilan hamkorlikda turli ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Birinchi mavsum 3-iyundan 15-iyungacha davom etadi hamda 12 kunlik dam olish jarayonini o‘z ichiga oladi. Mazkur maskanda har bir smenada 100 nafardan, jami 5 smenada 500 nafar bolani sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda Orolbo‘yi bolalarining yozgi ta’til davrini maroqli tashkil etish hamda sog‘lomlashtirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirilib, vazifalar belgilandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.