“Vazir kubogi”ning Buxoro bosqichi g‘oliblari
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida tashkil etilayotgan “Vazir kubogi” musobaqasining Buxoro viloyat bosqichi yuksak saviyada, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazildi.
Musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki yoshlar ongida sog‘lom hayot tarzini qaror toptirish, jamoaviylik, intizom, iroda va maqsadga intiluvchanlik kabi muhim fazilatlarni shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Tadbirda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda sport boshqarmasi mas’ullari ishtirok etib, yosh futbolchi qizlarga muvaffaqiyat, zafarlar va katta sportda ulkan yutuqlar tiladilar. Ular o‘z chiqishlarida bunday musobaqalar iqtidorli yoshlarni aniqlash, sport zaxirasini shakllantirish va qizlar o‘rtasida futbolni ommalashtirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladilar.
Dastlabki saralash bosqichlarida viloyat bo‘ylab 9000 nafarga yaqin futbolchi qizlarning qamrab olingani qizlar o‘rtasida futbol sportiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganini yaqqol namoyon etdi. Bu esa joylarda sport infratuzilmasi rivojlanib borayotgani, murabbiylar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgani va ota-onalarning ham qizlar sportiga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgarayotganidan dalolat beradi.

Saralash o‘yinlari yakunida 208 nafar eng iqtidorli o‘quvchi viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Viloyat bosqichi o‘yinlari yuqori sport mahorati, tezkorlik, texnik tayyorgarlik va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Maydondagi har bir bahsda jamoalar g‘alaba uchun barcha kuch-g‘ayratini ishga solib, haqiqiy sport ruhini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Peshku tumanidagi 44-umumta’lim maktabi jamoasi musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritib, joriy yilning 24–30-mart kunlari Surxondaryo viloyatida o‘tkaziladigan respublika bosqichida Buxoro viloyati sharafini himoya qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jondor tumani 45-maktab jamoasi faxrli 2-o‘rinni, Qorako‘l tumani 36-maktab jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom, kubok hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, ularning mehnati va sa’y-harakatlari yuksak baholandi.

–Bugungi musobaqa nafaqat sport sohasidagi yangi imkoniyatlar, balki qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va jamoaviylikni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega, –deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Firdavs Hidoyatov. –Har bir ishtirokchi maydonda o‘z mahoratini namoyon etishga harakat qildi va bu nafaqat ularning sport mahoratini, balki iroda va sabr-bardoshini ham sinadi. Biz barcha ishtirokchilarning tahsil va sportdagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni kelajakda yuqori sport darajasiga erishishga ilhomlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga harakat qilamiz. Umid qilamizki, bu kabi musobaqalar qizlar sportini yanada rivojlantirish va sport sohasida qizlar ishtiroki o‘sishida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri