Vazifalarning aksariyati bajarilgan, ammo...
Oliy Majlis Senatida Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil toʻqqiz oyida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
Oliy Majlis Senatida Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yil toʻqqiz oyida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hisobotida taʼkidlanganidek, 2019-yilda ushbu vazirlik zimmasiga 30 maqsadli vazifa yuklatilgan boʻlib, ularning 15 tasi joriy yilning toʻqqiz oyi mobaynida bajarilishi belgilangan.
– Yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish yoʻnalishi boʻyicha shuni aytish mumkinki, joriy yilda 14 yangi oliy taʼlim muassasasi ochildi. Shundan 8 tasi xorijiy oliy oʻquv yurtlari filiallari hisoblanadi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov. – Shuningdek, barcha taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kvotalar koʻpaytirildi. Bu oʻz-oʻzidan qamrovni oshirdi. Bu yilgi koʻrsatkich bitiruvchilarning soniga nisbatan 17 foizni tashkil etmoqda. Noyabr oyida ham qabul davom etishini inobatga olsak, koʻrsatkich oʻzgaradi.
Vazirlik maʼlumotlari tahlili aksariyat vazifalar ijro etilganini, biroq 2 vazifa bajarilishi yakuniga yetmaganini koʻrsatdi. Xususan, II-III choraklarda fan boʻyicha 1 ming 500 elektron oʻquv-uslubiy majmua ishlab chiqish topshirilgan boʻlsa-da, bu vazifa atigi 13 foizga bajarilgan. Qolaversa, joriy yilning II choragida oliy oʻquv yurtlarida ilmiy natijalarni tijoratlashtirish boʻlimlari faoliyati samaradorligini oshirish belgilangan edi.
Uni bajarish uchun respublikadagi barcha moddiy-texnik, ilmiy-intellektual va moliyaviy resurslarni safarbar etgan holda mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatdan toʻliq foydalanish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, ilmiy hajmdor mahsulotlar yaratish koʻlamini kengaytirish, yuqori innovatsion faollikni taʼminlaydigan aniq mexanizm va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Ilm-fan va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Biroq ushbu hujjat shu kunga qadar qabul qilinmagani tufayli oliy oʻquv yurtlarida ilmiy natijalarni tijoratlashtirish boʻlimlari faoliyati samaradorligini oshirish vazifasi bajarilishi yakuniga yetmagan.
Bu yil stipendiyaning 400 ming soʻm miqdorida bir xil belgilanishi koʻplab talabalar noroziligiga sabab boʻldi. Bunga vazir quyidagicha izoh berdi:
– Har bir oliy oʻquv yurtida Ragʻbatlantirish fondi tashkil etilayapti. Mana shu fonddan yaxshi oʻzlashtirgan talaba stipendiyasiga 50 foiz qoʻshib berilishi koʻzda tutilmoqda. Masalan, aʼlo bahoda oʻqiydigan talaba 400 ming soʻm stipendiya olsa, unga qoʻshimcha 200 ming soʻm beriladi, degani. Rektor stipendiyasining bunga aloqasi yoʻq.
Tadbir davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joriy yil oʻtgan davridagi faoliyati natijalari ham koʻrib chiqildi.
Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning 9 oyi davomida respublikamizda 266,3 ming ish oʻrni yaratilgan. Yaratilgan ish oʻrinlarining qariyb teng yarmi – 129 mingtasi kichik korxonalar va mikrofirmalar hisobiga toʻgʻri kelmoqda.
Taʼkidlanganidek, 2019-yilda ushbu vazirlik zimmasiga jami 25 ta maqsadli vazifa yuklatilgan boʻlib, ularning 11 tasi 2019-yilning toʻqqiz oyi mobaynida bajarilishi lozim edi. Biroq vazirlik tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar tahlili koʻrsatganidek, ularning 4 tasi bajarilmagan.
Xususan, joriy yilning uchinchi choragida Oʻzbekiston Respublikasida Xalqaro migratsiya tashkilotining vakolatxonasini ochish vazifasi nazarda tutilgan. Shu maqsadda Oʻzbekiston hukumati va Xalqaro migratsiya tashkiloti oʻrtasida bitim loyihasi ishlab chiqilgan. Tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda vazirlik xati Tashqi ishlar vazirligiga kiritilgan. Lekin hozirgi kunga qadar respublikada Xalqaro migratsiya tashkilotining vakolatxonasi ochilmagan va bu vazifa ijrosi taʼminlanmagan.
Shuningdek, vazirlik zimmasiga uchinchi chorak davomida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat (patent) beruvchi Rossiya Federatsiyasining koʻp tarmoqli markazini Oʻzbekistonda tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Biroq buning ham ijrosi taʼminlanmagan.
Andijon, Fargʻona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Rossiya migratsiya markazining vakolatxonalari avvaldan faoliyat yuritayotgan boʻlsa-da, Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat (patent) beruvchi faoliyat bilan shugʻullanmaydi.
Bundan tashqari, uchinchi chorak davomida boʻsh ish oʻrinlarining mustahkam va dolzarb bazasini shakllantirish, ish bilan taʼminlangan aholi sonini aniqlash, shuningdek, bandlikka koʻmaklashish markazlari faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlarini aks ettiruvchi tizim ishlab chiqish va joriy etish vazifasi belgilangan. Vazirlik tomonidan aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida ushbu tizimni tajriba sifatida joriy etish boʻyicha buyruq chiqarilgan, lekin hududlarda ushbu tizim hali amalda joriy etilmagan.
Majlisda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatidagi shu va boshqa kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.