“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahrida joylashgan Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismda umumta’lim maktablarining “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, harbiy xizmatga qiziqishni oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan musobaqada tuman (shahar) bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar 11 ta shart asosida o‘zaro bellashdi.

Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, harbiy-amaliy ko‘nikmalari hamda jamoaviy hamjihatligi sinovdan o‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktab jamoasi, 2-o‘rinni Xatirchi tumanidagi 44-umumta’lim maktab jamoasi va 3-o‘rinni Uchquduq tumanidagi 5-umumta’lim maktab jamoasi qo‘lga kiritdi.


G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri