“Vatanparvar” tashkilotida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi
“Vatanparvar” tashkiloti Navoiy viloyati kengashi tomonidan Nurota tumanida yoshlarga tashkilot faoliyatini kengroq targ‘ib qilish, amaliy va texnik sport turlarini ommalashtirish, haydovchilik kurslarida o‘qish uchun o‘quvchilarni jalb qilish maqsadida “Vatanparvar – mening tanlovim” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari, tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari va “Yoshlar” daftariga kiritilgan oilalar farzandlari ishtirok etgan tadbirda viloyat kengashi tasarrufidagi tashkilotlarning o‘quv avtomobillari, triatlon, motokross, karting sport texnikalari ishtirokida tuman ko‘chalari bo‘ylab avtokarvon tashkil etildi.

Unda tashkilotda amalga oshirilayotgan yangilanishlar, yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlarni kasbga tayyorlash yo‘lidagi loyihalar, shuningdek, yoshlarning bepul shug‘ullanishlari uchun sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiya va to‘garaklar faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Ayni paytda Nurota tumanida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 25 nafar yosh haydovchi tayyorlash o‘quv kurslariga qabul qilingan bo‘lsa, sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha seksiya va to‘garaklarda 32 nafar yosh bepul shug‘ullanayapti.

Tadbir davomida ishtirokchilarga triatlon, motokross, karting, aviamodel, pnevmatik miltiqdan o‘q otish sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmalar, 7532- va 7259-sonli harbiy qism harbiy xizmatchilari tomonidan tayyorlangan jangovar chiqishlari hamda maxsus harbiy texnikalar namoyish etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar o‘quv sport texnika klubi o‘quv xonalari, sport seksiyalari, o‘quv avtomobillari bilan tanishtirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA