Vatanning osuda va obodligi oiladan boshlanadi
Zero, tinch, obod yurtimizdagi har bir xonadonda hayotimizning davomiyligini ta’minlovchi ishonchli avlod shakllanmoqda.
Mudofaa vazirligining Termiz garnizonidagi harbiy qismlardan birida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi tomonidan “Urf-odat va qadriyatlarimizni yoshlar ongiga singdirishda oilaning o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirok etgan tadbirda oilaning muqaddas dargoh ekani alohida ta’kidlanib, millatning ertangi kuniga ana shu qo‘rg‘onda ilk poydevor qo‘yilishi qayd etildi. Zero, tinch, obod yurtimizdagi har bir xonadonda hayotimizning davomiyligini ta’minlovchi ishonchli avlod shakllanmoqda.
Bu qo‘rg‘onda milliy madaniyat, urf-odat va axloq, ma’naviy qadriyatlarimiz asrab-avaylanishi jamiyat taraqqiyotining iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy yuksalishida muhim o‘rin tutadi. Vatanning osuda va obodligi ham oiladan boshlanadi.
–Albatta, bu jarayonda tinchligimiz posbonlari bo‘lgan harbiylarimizning oila a’zolari barchaga ibrat bo‘lishi kerak, – deydi Surxondaryo viloyati “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi raisi, mehnat faxriysi Robiya To‘lakova. – Bolajon xalqimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deb bejiz aytmaydi.
Agar ko‘cha-kuy yoki jamoatchilik joyida tarbiyasiz xulqi bilan ko‘pchilik e’tiboriga tushayotgan farzandlarni ko‘rsak, darhol purhikmat shu so‘z yodimizga keladi. Bu bola uyida yaxshi tarbiya ko‘rmagan ekan, degan fikrga boramiz. Shuning uchun hozirgi glaballashuv davrida farzandlar tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish, ular ongu-shuuriga bolalikdan noyob milliy qadriyatlarimizni singdirish ota-onaning muhim burchlaridan biri bo‘lib qoldi.
Qiziqarli ma’ruzalarga boy bo‘lgan tadbirda oilada ota-onaning o‘rni, oilaviy ajrimlarning sabablari va oldini olish, yangi O‘zbekistonni barpo etishda milliy urf-odat va qadriyatlarimizning ahamiyati kabi mavzularda ham o‘zaro fikr almashildi. Olimlar, diniy idora vakillari, viloyat “Buvijonlar maktabi” jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.


X.MAMATRAYIMOV, J.QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA