Vatanga qasamyod
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida Vatanga qasamyod qilish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi. Tadbirda harbiy okrug qo‘mondonligi, hududdagi kuch tuzilmalarning rahbariyati, jamoatchilik kengashi a’zolari, faxriylar, askarlarning ota-onalar ishtirok etdi.
Qasamyod qabul qilish jarayonida har bir askar muqaddas bayroq qarshisida Vatanga sodiq bo‘lish, tartib-intizomga so‘zsiz amal qilish, xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga so‘z berdi. Bu lahzalar askarlar va ularning yaqinlari uchun bu unutilmas voqeaga aylandi. Ko‘plab ota-onalar farzandlarining harbiy libosda, qat’iyat va ishonch bilan qasamyod qilayotganini ko‘rib, ularda g‘urur hissi yanada yuksaldi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish katta sharaf va mas’uliyatdir. Har bir askar yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishi zarur.
Shuningdek, faxriy harbiylar ham so‘zga chiqib, o‘z xizmat yillari davomida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular yosh avlodni mardlik, jasorat va Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash muhimligini alohida ta’kidladilar.
Tadbirning badiiy qismida harbiy orkestr va taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar bayramona kayfiyat baxsh etdi. Askarlar tomonidan qo‘l jangi chiqishlari hamda faxriy qorovulning ko‘rgazmali namoyishi ota onalar uchun unutilmas onlarni taqdim etdi.
[gallery-29008]
Shuningdek, harbiy texnika ko‘rgazmasi tashkil qilinib, mehmonlar uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Bu esa ota-onalar va tashrif buyuruvchilarga harbiy hayot, sharoitlar va xizmat jarayoni bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.