“Vatanga qasamyod” — mardlik, sadoqat va sharaf sinovi
Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi Mirzaobod tumanida joylashgan Safarbarlik chaqiruv rezervi batalonida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yosh askarlar uchun “Vatanga qasamyod” marosimi ko‘tarinki ruh, yuksak tantana va faxr tuyg‘ulari ostida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi vakillari, Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Faxriylar kengashi a’zolari, nuroniylar, harbiy xizmatchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Vatan himoyasi yo‘lida qasamyod qilayotgan mard va jasur o‘g‘lonlarning mas’uliyatli va hayajonli lahzalariga guvoh bo‘ldilar.

Tadbirni ochib bergan Safarbarlik chaqiruv rezervi bataloni komandiri, podpolkovnik Jahongir Yusupov yosh harbiylarni tabriklab, qism qo‘mondonining tabrigini o‘qib eshittirdi. U o‘z so‘zida qasamyod qabul qilayotgan har bir askarning Vatan oldidagi burchi, mas’uliyati va kelgusidagi sharafli xizmat yo‘liga alohida to‘xtaldi.

Tadbirning amaliy qismi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan qo‘l jangi usullari, saf tayyorgarligi namunalari, AK-74 qurolini qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha amaliy ko‘rgazmalar namoyish etildi. Ayniqsa, ko‘zi bog‘langan holda qurolni tezkor yig‘ish bo‘yicha bajarilgan mashqlar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish va olqishlar bilan kutib olindi.

So‘zga chiqqan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov marosimning tarbiyaviy ahamiyatiga alohida urg‘u berdi:

– "Vatanga qasamyod" — bu shunchaki rasmiy marosim emas, balki har bir askarning qalbidagi eng ulug‘ burch va sadoqat sinovidir. Bu lahzalar yoshlarda Vatanga muhabbat, mas’uliyat va harbiy xizmatga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Bugun qasamyod qabul qilayotgan har bir askar ertaga yurt osoyishtaligi va sarhadlar daxlsizligining ishonchli himoyachisiga aylanadi, – dedi u.

Ma’lumot o‘rnida: “Vatanga qasamyod” marosimi har bir askar hayotida mas’uliyat, sadoqat va mardlik sinovi bo‘lib, ularning Vatan oldidagi burchini yanada chuqur anglashlariga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar yosh askarlarga mustahkam sog‘liq, sharafli xizmat va yuksak zafarlar tiladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri