Vatan shijoati baland o‘g‘lonlariga ishonadi
Namanganda davlatimiz rahbarining 12-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yosh chaqiriluvchilarning navbatdagi guruhi muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun jo‘nab ketdi.
Shu munosabat bilan Yangi Namangan tumanida joylashgan viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi Chaqiriluvchilarni harbiy texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Egniga harbiy libos qiygan bo‘lajak askarlar, ularning ota-onalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi tadbir avvalida harbiy orkestr ijrosida davlatimiz madhiyasi yangradi. Namangan viloyat hokimi, viloyat harbiy-ma’muriy sektori rahbari Shavkat Abdurazzoqov, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Oybek Saidov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilish bugungi kunda har bir yigit uchun sharafga aylanganligini ta’kidladi.
[gallery-16408]
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda tashkil etilgan “Jasorat maktabi” yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, ularning askar bo‘lishdek sharafli nomga intilishlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Bir haftalik mazkur maktab mashg‘ulotlarida yuzlab namanganlik yoshlar ishtirok etdi.
Ota-onalar, chaqiriluvchilar vakillari ham o‘z dil so‘zlarida, mamlakatimizda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol toptirish, Qurolli Kuchlarimizni tubdan isloh etish borasidagi islohotlardan minnatorliklarini izhor etishdi.
Tadbirda bo‘lajak askarlarga viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari taqdim qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari