Vatan ravnaqiga hissa qo‘shish – muqaddas burch
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yillik bayrami munosabati bilan barcha tashkilot va idoralarda uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda tadbirlar o‘tkazilmoqda. «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz» shiori ostida tashkil etilgan bayram tadbiri ham ulardan biridir.
Tadbir avvalida so‘z olgan «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirokchilarni eng ulug‘, eng aziz bayram bilan qutlar ekan, ona Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilish va uning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda hissa qo‘shish muqaddas burch ekanini ta’kidladi.


— Bugun davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda energetiklarimiz ham baholi qudrat hissa qo‘shmoqda. Sarhisob yilida respublikamiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash, tizim rivoji yo‘lidagi amaliy say-harakatlari uchun jamiyatimiz xodimlari ham sharafli unvon va mukofotlarga sazovor bo‘lganini quvonch bilan ta’kidlash lozim. Xususan, bir guruh xodimlar Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Elektr energetika kengashining «Mustaqil davlatlar hamdo‘stligida xizmat ko‘rsatgan energetik» unvoni va faxriy yorliqlari, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlanganini e’tirof etib o‘tish joizdir, — dedi U. Mustafoyev.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan ushbu bayram tadbiri yakunida tizimda mehnat qilayotgan bir guruh faol xodimlarga mukofot va faxriy yorliqlar topshirildi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA