Vatan qahramonlari xotirasi hech qachon unutilmaydi
9 may — Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Qarshi shahrida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat hokimligi, harbiylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida bayramona harbiy chiqishlar, harbiy orkestr sadolari ostida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarga 116 ta “Kamaz” rusumli, notekis yo‘llardan harakatlanishga mo‘ljallangan maxsus harbiy texnikalar tantanali ravishda topshirildi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yig‘ilganlarni bayram bilan qutlar ekan, bugungi dorilamon kunlarga yetib kelishimizda, Ikkinchi jahon urushida qahramonlarcha jon fido qilgan millatimiz qahramonlarining ham hissasi beqiyos ekanligini ta’kidladi.
[gallery-2324]
Shundan so‘ng viloyat rahbari Qarshi shahridagi Komilon mahallasida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 96 yoshli Ahmat bobo Jalilov xonadonida bo‘lib, urush faxriysi bilan dildan suhbatlashdi. Prezident tabrigi, pul mukofoti va sovg‘alarni topshirdi.
Bir guruh harbiylar va yoshlardan tashkil etilgan targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan kuylangan urush yillaridagi qo‘shiqlar Ahmat boboga xush kayfiyat bag‘ishladi.
– Shunday kunlarga yetkazganiga shukr, – deydi A.Jalilov. – Har gal meni yo‘qlab kelgan yoshlar bilan suhbatlashib, yoshlik xotiralarim jonlanadi, ularga havasim keladi. Biz o‘yin-kulgi nimaligini bilmay o‘tdik. Umrimizning eng gullagan kezlarini qonli janggohlarda o‘tkazdik. Hukumatimizning biz kabi faxriylarga qaratayotgan e’tiboridan minnatdormiz. Armonimiz qolmadi.
Qashqadaryo viloyatida ham Prezidentimizning 2021 yil 20 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 12 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti tarqatilmoqda. Ayni paytda viloyatda 21 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda.
O‘.BAROTOV, J.Norqobilova, O‘zA