Vatan mehri, yurt taftini his etish eng katta baxt
Avval xabar berganimizdek, mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev boshchiligidagi jamoatchilik vakillari va taniqli san’atkorlardan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk va Tomsk viloyatlarida bo‘lib, u yerda ishlayotgan mehnat migrantlari hamda vatandoshlarimiz uchun madaniy dasturlar tashkil etdi.
Delegatsiya tomonidan Sibir federal okrugining Zabaykal o‘lkasidagi “Udokan” tog‘-kon metallurgiya kombinatida o‘tkazilgan tadbir ham bu yerda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga ajoyib bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari J.To‘rayev, O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli T.Rahmonov olisdagi yurtdoshlarimizni ulug‘ bayram bilan tabriklab O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar ko‘lami, fuqarolarimiz qay yurtda bo‘lmasin doimo Davlatimiz rahbari e’tiborida ekani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hamkorlik munosabatlari yanada mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan uchrashuvda ko‘plab fikr va takliflar o‘rtaga tashlandi. Mehnat migrantlari delegatsiya rahbariga o‘zlarini qiziqtirgan savollari va murojaatlarini yo‘lladi.

Tadbirda yangragan milliy kuy-qo‘shiqlar, go‘zal taronalar olislarda mehnat qilayotgan vatandoshlarga o‘zgacha zavq ulashdi. Anchadan buyon oilasi va yaqinlarini sog‘ingani bois millits qo‘shiq, baxshiyona aytilgan termalar sog‘inch tuyg‘ularining hovurini bosganday bo‘ldi. Bir piyola choy ustida qilingan suhbatlar xorijdagi yurtdoshlarimiz ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.

Maroqli uchrashuvdan Ona vatan sog‘inchiga to‘lgan qalblar xotirjam tortdi. Tadbir vatan mehri va yurt taftini yanada chuqurroq his etish imkoniyatini yaratgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,O‘zA