Vatan mard o‘g‘lonlarini hech qachon unutmaydi
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan joylarda vatanimiz tinchligi uchun jonini mardlarcha fido qilgan o‘g‘lonlarning oilalaridan xabar olinmoqda.
Buxoro viloyati Romitan tumani hokimi Umidjon Barnoyev, Mudofaa ishlari boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Olim Tirkashev, N-harbiy qism komandiri o‘rinbosari, katta leytenant Xurshidbek Boymatov bilan birgalikda mamlakatimiz chegarasini himoya qilishda vatan uchun jonini fido qilgan o‘g‘lon N.Shafigulin xonadonida bo‘ldi.

Mardlarcha halok bo‘lgan N.Shafigulin oilasiga pul mablag‘i, qimmatbaho sovg‘a hamda oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi. Shunday mard o‘g‘lonni tarbiyalagani uchun marhum N.Shafigulinning otasiga minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, “Afrosiyob” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi 2002-2006 yillarda Mudofaa Vazirligi tizimida harbiy xizmatni o‘tagan davrida orttirgan kasalligi tufayli zaxiraga olingan 2-guruh nogironi nafaqadagi serjant Rauf Rajabovning holidan ham xabar olindi. Unga ham pul mablag‘i, qimmatbaho sovg‘a hamda oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
Zarif Komilov, O‘zA