Vatan himoyasiga munosib oʻgʻlonlar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan davlatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami arafasida xalqaro maydonlarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilgan bir guruh harbiy xizmatchilar – “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarining ishtirokchilari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan davlatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami arafasida xalqaro maydonlarda Oʻzbekiston sharafini munosib himoya qilgan bir guruh harbiy xizmatchilar – “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarining ishtirokchilari bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Oʻzbekistonda keyingi uch yil ichida Qurolli Kuchlar tizimida davlat va jamiyat manfaatlarini taʼminlash yoʻlida misli koʻrilmagan islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan strategik rejalashtirish boʻyicha ulkan ahamiyatga ega boʻlgan yangilangan Mudofaa doktrinasi qabul qilindi.
Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi va tayyorgarlik darajasi yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilandi. Joylarda harbiy-maʼmuriy sektorlar joriy etildi. Harbiy sohada xalqaro hamkorlik miqyosi, ishonch va oʻzaro tajriba almashish kengaydi.
Qurolli Kuchlar moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi sezilarli ravishda kuchaytirildi. Bugun xalq bilan armiyaning birligi, yakdilligi amalda toʻliq namoyon boʻlib, harbiy xizmat jamiyatda chinakam sharafli kasbga aylandi.
Mudofaa sohasiga boʻlgan tamomila yangicha munosabat natijasida Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari qator nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrogʻini yanada balandlarga koʻtarib, barchamizda iftixor va gʻurur hissini uygʻotmoqda. Xususan, joriy yilning 3–17-avgust kunlari 10 ta davlat hududida tashkil etilgan “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarida 39 davlatdan 32 nominatsiya boʻyicha 222 jamoa oʻzaro bahslashdi.
Unda Mudofaa vazirligidan 14 jamoa ishtirok etdi. “Tank biatloni” va “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida jamoalarimiz eng yuksak – birinchi oʻrinni, shuningdek, “Sodiq doʻst”, “Rembat”, “Elbrus xalqasi”, “Qoʻshinlar razvedkasi aʼlochilari” musobaqalarida faxrli – ikkinchi oʻrinni hamda “Xavfsiz marshrut”, “Musaffo osmon”, “Yoʻl patruli”, “Dala oshxonasi”, “Artilleriya olovi ustasi” oʻyinlarida ishonchli – uchinchi oʻrinni egallashdi.
Umumjamoa hisobida “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlari natijalariga koʻra barcha ishtirok etgan davlatlar oʻrtasida mamlakatimiz harbiylari 5-pogʻonani egallashdi, qolaversa, 10 dan ortiq yoʻnalishda rekord natijalarni qayd etishdi.
Shu munosabat bilan deputatlar “ArMI – 2019” xalqaro armiya oʻyinlarining ishtirokchilarini tabriklab, ular erishgan bu natijalar, avvalo, xalqimizning ham gʻalabasi ekanligini hamda bu gʻalabalar barcha yoshlarimizga shaxsiy namuna boʻlib xizmat qilishini taʼkidlashdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan yangi tahrirda qabul qilingan “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni, ushbu qonunning normalari haqida maʼlumot berildi. Ishtirokchilarining fikricha, yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonunchilik tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu qonun mazmun-mohiyatini, avvalo, harbiy xizmatchilarga, xalqimizga, yoshlarimizga yetkazish lozimligi, bunda parlament aʼzolari Mudofaa vazirligi mutasaddilari bilan birgalikda harbiy qism va muassasalarda tushuntirish-targʻibot ishlarini olib borishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.