Vashingtondagi otishma: jahon yetakchilari keskin munosabat bildirishdi (+video)
Euronews xabariga ko‘ra, jahon yetakchilari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan jurnalistlar kechasidagi otishmaga “demokratik jamiyatda zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q” deya munosabat bildirishdi.
Gumonlanuvchi 31 yoshli Koul Tomas Allen, shanba kuni kechqurun mehmonxona foyesiga miltiq, to‘pponcha va bir nechta pichoq bilan kirib kelgan. U maxfiy xizmat xodimlari bilan otishmaga kirishib, ulardan birini yaralagan, ammo himoya kiyimi yaralangan xodimning hayotini asrab qolgan. Keyinroq Tramp bu xodim bilan gaplashganini va uning ahvoli yaxshi ekanini aytdi.
Hujumchini maxfiy xizmat xodimlari tezda qo‘lga olishganidan keyin, AQSH prezidenti, birinchi xonim va vitse-prezident mehmonxonadan darhol evakuatsiya qilingan.
Ursula fon der Lyayen: “Siyosatda zo‘ravonlikka hech qachon o‘rin bo‘lmasligi kerak”, — deb yozar ekan, politsiya hamda qutqaruvchilarning tezkor harakatini olqishladi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas barcha ishtirokchilar, jumladan Tramp ham xavfsiz ekanidan xursandligini bildirdi. U: “Erkin matbuotni nishonlashga qaratilgan tadbir qo‘rqinch sahnasiga aylanmasligi kerak. Yaralangan ofitser tezroq sog‘ayib ketsin”, — dedi.
Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Tramp va boshqa ishtirokchilarga hamdardlik bildirib, demokratik jamiyatlarda siyosiy nafratga o‘rin bermaslik kerak, dedi.
Germaniya kansleri “Biz qarorlarni qurol bilan emas, ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilamiz”, — dedi va qatnashchilarga ziyon yetmaganidan xursandligini bildirdi.
Turkiya prezidenti Rejep Toyyip Erdog‘an: “Demokratik mamlakatlarda kurash g‘oyalar orqali bo‘ladi, zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q”, — dedi.
Netanyahu AQSH maxsus xizmatlarining tez va qat’iy harakatini maqtab, yaralangan politsiya xodimiga sog‘lik tiladi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bu hodisadan qattiq xavotirga tushganini bildirdi.
Shuningdek, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum, Vengriyaning amaldagi bosh vaziri Viktor Orban va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham hujumni qoraladilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Cy-lNG7CeXg" title="Vashingtondagi otishma: jahon yetakchilari keskin munosabat bildirishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA