Vaksina olmaganlarga cheklovlar o‘rnatiladimi?
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar dastlab “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining 2021 yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisobotini eshitdi.
Fraksiya a’zolari Davlat dasturi ijrosi muhokamasida partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi va oliy ta’lim sohasida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratdi.
– O‘zMTDP tashabbusi bilan maktablarda “Tarbiya” darsi joriy qilindi va partiya bu fan bo‘yicha yetuk mutaxassislarni tayyorlash masalasini ham ko‘targan edi, – dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. – Oliy ta’limda ushbu fan bo‘yicha bu yildan boshlab mutaxassislar tayyorlash ham ko‘zda tutilgan edi. Ammo bu yilgi qabul jarayonidan ko‘rinyaptiki, amalda bu vazifa bajarilmadi. Tegishli vazirliklar buni qanday izohlaydi?
Oliy ta’lim vazirligi vakili bunday mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha bu yil qabul bo‘lmaganini ochiq aytdiyu, lekin sababini aniq izohlay olmadi. Xalq ta’limi vazirligi vakili esa vazirlik o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, yangi dasturga mos ravishda o‘qituvchilar malakasini oshirayotganini ma’lum qildi. Tabiiyki, fraksiya a’zolari bu javoblardan qoniqmadi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, “Tarbiya” fani bo‘yicha maxsus mutaxassislar tayyorlanmas ekan, ya’ni unga ikkilamchi fan sifatida qarash davom etar ekan, bu yo‘l bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Chunki bu fan professionallikni talab qiladi. Tegishli vazirliklarning javobidan ma’lum bo‘ldiki, bu fan bo‘yicha yetuk mutaxassislarni tayyorlashda bir yil yo‘qotildi. Yig‘ilishda “Milliy tiklanish” bu masala bilan jiddiy shug‘ullanishda davom etishi, kerak bo‘lsa, parlament eshituvini tashkil qilishi alohida qayd etildi.
Fraksiya a’zolari, shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 avgustga qadar bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlash hamda boshlang‘ich ta’lim o‘quv dasturlarining o‘zaro uzviyligini ta’minlash choralarini ko‘rish belgilangan bo‘lsa-da, joylarda bu boradagi ishlar qoniqarli tashkil etilmaganligini tanqid ostiga oldi. Hukumat vakillari har ikkala masala bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, ijrosini nazoratga olishini bildirishdi.
Fraksiya yig‘ilishida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritishga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Covid-19” yuqish darajasini pasaytirish va ijtimoiy immunitetni tashkil etish maqsadida aholini vaksinatsiya qilish ishlarini jadallashtirish taklifi bildirilgan edi. Ta’kidlash joiz, ushbu taklifdan kelib chiqib, tegishli qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun loyihasida “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi to‘g‘risida aniq norma kiritilmoqda. Shuningdek, Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli ekanligi ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasininng qabul qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasi yangi to‘lqinlarining oldini olish uchun aholi o‘rtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi. Yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlash o‘tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.
Mutaxassislar tomonidan bugun bu ofatdan himoyalanishning yagona yo‘li emlanish ekani ta’kidlanayotgan bo‘lsa-da, fuqarolarning vaksinalarga bo‘lgan ishonchsizligi oqibatida shu paytgacha 1 million 27 ming kishi emlangan, xolos. Bu 18 yoshdan oshgan aholining 4,8 foizini tashkil qilmoqda. Jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun esa aholining 60-80 foizi emlanishi talab etiladi. Xitoyda vaksinalarga bo‘lgan ishonch 90 foiz, Braziliyada 80, Hindiston, Indoneziya va Tailandda 70, Turkiya va Meksikada esa 60 foizni tashkil etmoqda. Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa davlatlarda majburiy vaksinatsiya amaliyoti joriy etilgan.
Deputatlar ushbu qonun loyihasining ayni kundagi ahamiyati hamda kasallilikning yuqumlilik ko‘lami oshib borayotganligini e’tiborga olib, qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qulladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA