Vaboning yoʻlini toʻsgan avliyo
Yurtimiz minglab madaniy meros obyektlariga ega. Ularning hech biri bir-birini takrorlamaydi. Ana shunday betakror obidalardan biri Karmana tumanidagi Qosim Shayx majmuasidir.
Yurtimiz minglab madaniy meros obyektlariga ega. Ularning hech biri bir-birini takrorlamaydi. Ana shunday betakror obidalardan biri Karmana tumanidagi Qosim Shayx majmuasidir.
U oʻrta asrlarda barpo etilgan boʻlib, bu yer oʻz vaqtida ilm-maʼrifat oʻchogʻi boʻlgani va unda Qosim Shayx Azizon hazratlari yashab ijod etgani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu nodir meʼmoriy yodgorlikni – Buxoro hukmdori Abdullaxon II Qosim Shayxga boʻlgan ixlosi yuzasidan 1558-yilda Karmanada barpo etgan.
Bunyodkorlik ishlarida XVI asrda Karmana bekligi maʼnaviy hayotida oʻchmas iz qoldirgan Qosim Shayx Azizonning oʻzi ham qatnashgan va homiylik qilgan.
Xonaqoh taxminan oʻn yil davomida qurilgan. Uning uch (shimol, janub va gʻarb) tomoni kungurador qilib qurilgan va bezatilgan.
– Qosim shayx 16 asr boshida yashagan Markaziy Osiyodagi eng yirik islom dini namoyondalaridan boʻlib, karomatlar sohibi, duolari ijobat boʻladigan avliyo hisoblangan, – deydi Navoiy viloyati tarix va madaniyat muzey xodimi Lola Saidova. – Shayx toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tarixiy asarlarning koʻpchiligida uchraydi. Xususan, Muhammad Tohir Eshon “Tazkira”si Qosim Shayx haqida qimmatli maʼlumotlarni beribgina qolmay, u kishining maʼnaviy silsilasi davomchilari, yaʼni xalifalari haqida ham soʻz yuritadi.
Rivoyatlarga koʻra, Qosim Shayx avliyo ekani, uning oʻlimi bilan bogʻliq voqeada yanada anglashiladi. Yaʼni Karmana aholisi vabo kasalligidan aziyat chekkanda, bu inson Allohga iltijo qilib, xalqi uchun oʻzini qurbon qilishni soʻraydi. Shu tariqa yurtdan bu kasallik ariydi va Qosim Shayx vafot etadi.
– 2001-yilda Shayx qabri tuproq qatlamlarini oʻrganish maqsadida ochilganda topilgan koʻzalar bunday fikrga dalil boʻlmoqda, – deydi L.Saidova. – Qabrdan yetti dona koʻza topildi. Tibbiyot nuqtayi nazaridan vabo kasaliga chalinib vafot etgan odamlar yoniga ular foydalangan idishlar qoʻshib koʻmilgani aytilmoqda.
Yana bir taxmin islom dinida yetti dumalagan suv halol boʻladi, degan oʻgit bilan dafn etilgan boʻlishi ham mumkin.
Qabrdan koʻzalarning topilishida yana bir taxmin bor. Ayrim manbalarda inson umri davomida nima ish bilan shugʻullangan boʻlsa, shu jihozlar bilan koʻmilgani keltirilgan. Qosim Shayx kulolchilik bilan shugʻullangan boʻlishi ham mumkin.
Albatta, vaqti kelib, bu taxminlardan biri oʻz isbotini topishi tayin. Ammo... Qosim Shayx haqida oʻrganilmagan juda koʻplab jihatlar bor.
Xususan, uning hikmatlari mavjud manbalar, ularning adadi yoki boshqa jihatlari xususida mukammal ilmiy izlanishlar amalga oshirilmagan.
Zero, ayrim olimlar uning qalamiga mansub hikmatlar Yassaviyning “Devoni hikmat” toʻplamining koʻlyozma va toshbosma nusxalarining hoshiya va ilovalarida uchrashini aytishmoqda.
Qayd etish joizki, ushbu majmuaning oʻtmishdagi taqdiri ham boshqa obidalarga oʻxshab ketadi.
Misol uchun, 1920-yilda gumbazning maʼlum qismi yiqitiladi. Muzeyda saqlangan suratlarda koʻrinishicha, 1940-yillarda bu yerda qishloq xoʻjaligi traktorlari saqlangan.
1980-yillarda kimyoviy oʻgʻitlar saqlanadigan omborxona boʻlgan. 1999-yilda Karmana tumani tashkil etilganda birinchi taʼmirlash ishlari mazkur maskandan boshlangan.
2018-yilda mazkur madaniy meros obyekti mukammal taʼmirlandi. Xususan, majmuaning zax tortib, yemirilishiga sabab boʻlayotgan yer osti suvlarini binodan uzoqlashtirish maqsadida hududda 4-5 metr chuqurlikdagi hovuz barpo etildi.
Hovuzda toʻplangan suv Kasaba kanaliga chiqarib yuboriladi. Shuningdek, majmua poydevorini mustahkamlash, imoratning yaroqsiz holga kelib qolgan gʻishtlarini almashtirish, atrofni obodonlashtirish ishlari ham bajarildi.
Yana bir gap. Taʼmirlash jarayonida Qosim Shayx Azizonning qabr toshiga oʻsha davr shoiri Mushfiqiy yozgan marsiya oʻrganilgan. Ular arab yozuvidan kirill alifbosiga aylantirilib, maramar toshga koʻchirilgan.
Maʼlum boʻlishicha, Abdullaxon Qosim Shayxga atab qurdirgan maqbara toshlarni chor mustamlakachilari tashib ketgan ekan.
Qosim Shayx maqbarasi yonidagi ziyoratxona ichida, mehrob yonida katta koʻk tosh (onikis) boʻlgan. Bu tosh hozir Leningradda ekan.
Maʼlumotlarga koʻra, unvoni “Hoja Azizon” boʻlgan Qosim shayxning qabrtoshi uch marta almashtirilgan. Har safar u kattaroq va chiroyli qilib qoʻyilgan.
Hozirgisida marsiya olib tashlangan boʻlib, shayx haqidagi maʼlumotlar bilan toʻldirilgan.
Kelgusi yilda ushbu majmuani YUNESKO roʻyxatiga kiritilishi kutilmoqda.