Uzoq umr, keng rizq garovi
Uzoq umr koʻrish, keng rizqqa ega boʻlish – har bir inson orzusi.
Uzoq umr koʻrish, keng rizqqa ega boʻlish – har bir inson orzusi.
Kimdir bu yoʻlda kunni tunga, tunni tongga ulab mehnat qilsa, yana kimdir boshqa choralar axtaradi. Baʼzan ming uringani bilan ishi baroridan kelmayotganidan noliydigan insonlarni uchratamiz. Bunday insonlar keng rizqqa ega boʻlish uchun har chorani koʻrishadi-yu, biroq Nabiyyi muhtaram alayhissalomning birgina hadislarini unutib qoʻyishadi. Bu hadis...
“Sharhus sunna” kitobida ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning qaramogʻida uch qizi boʻlsa yoki otasi vafot etib, uch singlisi qaramogʻida qolsa, ularga mehribonlik qilib, boradigan joyida murosali yashab ketadigan darajada yaxshi odob oʻrgatsa, Alloh unga jannatni vojib qiladi”, deganlar. Shunda bir kishi: “Yo Allohning paygʻambari! Qizi ikki nafar boʻlsa-chi?” deb soʻradi. Rasululloh solallohu alayhi va sallam: “Ikki nafar boʻlsa ham”, dedilar. “Bir nafar boʻlsa-chi?” deb soʻrashganida: “Bir nafar boʻlsa ham”, dedilar.
Ayol kishi turmush qurgunicha otasi, aka-ukasi yoki biror boshqa erkak qarindoshining qaramogʻida boʻladi. Oila qurishi bilan erning qaramogʻiga oʻtadi. Taqdir taqozosi bilan qiz oilasidan ajrashib kelsa yoki turmush oʻrtogʻi vafot etib, beva qolsa, unga kim qaraydi?
Bunday hollarda ayolning mahramlari uni oʻz holiga tashlab qoʻymasliklari, oʻksigan koʻngliga tasalli berib, ilgarigidek yaxshilik qilishlari lozim. Bunday ezgulik xayr-ehsonning eng yaxshisi hisoblanadi.
Rivoyat qilishlaricha, bir ayol ogʻir xastalikka chalinadi. Shunda u dori-darmoniga mablagʻ topa olmay, ming xijolat bilan ukasining xonadoniga keladi. Hol-ahvol soʻrashib, gapni nimadan boshlashni bilmay turganida, ukasi: “Opa, tinchlikmi?” deb soʻraydi. Opa maqsadini ming istihola bilan tushuntiradi: “Tobim qochib, shifokorga borgan edim, zudlik bilan operatsiya qilish zarurligini aytdi. Bir qancha dori-darmonlar buyurdi. Bilasan, jiyanlaring hali yosh, yolgʻizman. Sendan najot istab keldim”.
Opaning nigohlari yerga qadalgan edi. Uka opaning ahvolini tushunmadi yoki tushunishni istamadi. “Opa, koʻrib turibsiz, uy qurib, taʼmirlash ishlarini tugatay deb turibman. Ortiqcha mablagʻim yoʻq!”.
Opa ota-onasidan yolgʻiz yodgorligi boʻlgan ukasining xonadonidan boshini egib chiqib ketdi.
Muolaja oʻz vaqtida koʻrsatilmagani bois dard zoʻrayib, opa omonatini topshirdi. Ukaning esa uyiga tasodif tufayli bir kechada oʻt ketib, bor-budidan ayrildi.
Shariatimiz ahkomlarida silai rahm keng targʻib qilingan. Jamiyatda qarindoshlik aloqalarining, yaʼni silai rahmning ahamiyati adolat, yaxshilik qilish va boshqa chiroyli amallar kabi muhimdir.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli boʻling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bogʻlasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bogʻlaydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Imom Abu Dovud va Imo Termiziy rivoyati).
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning bu hadislarida ummatlarini silai rahmga chaqirib, qarindoshlik rishtalarini uzish Alloh taolo rahmatidan uzoq boʻlishga olib kelishi keltirilgan.
Kishi yaqinlariga yaxshilik qilmasa, tugʻishganlariga nisbatan toshbagʻir boʻlsa, bunday insonlar boshqalarga ham bemehr boʻladi. Islom taʼlimoti bunday ishlardan qatʼiy ogoh etadi.
Suroqa ibn Jaʼshamdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Suroqa, senga eng ulugʻ sadaqaning yoki sadaqadan ham ulugʻroq narsaning dalolatini beraymi?” dedilar. “Ha, yo Rasululloh”, dedi. “Huzuringga qaytib kelgan va sendan boshqa taʼminotchisi boʻlmagan ayol zotiga ikrom koʻrsatmogʻing”, dedilar.
Oilasidan ajrashgan, boquvchisini yoʻqotgan kishilarga, kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvatli boʻlish, ularga ham ruhan, ham maʼnan koʻmak berish Alloh taoloning rahmatiga erishish uchun muhim vosita ekanini unutmaylik.
Qarindoshlik rishtalarini turli yoʻl va usullar bilan mustahkamlashga harakat qilish insonning rizqi va umriga baraka berishi haqida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bashorat berib, bunday deganlar: “Kimni rizqu roʻzi keng boʻlishi va umri uzoq boʻlishi xursand etsa, bas, u silai rahm qilsin, yaʼni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Demak, uzoq umr koʻrish, keng rizqqa ega boʻlishning asosiy omili birgina shu hadisda aytib oʻtilgan. Shunga amal qilsak, ishoning, umrimiz uzun, rizqimiz keng boʻladi, inshoalloh!
Munira ABUBAKIROVA,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi