Uzoq kutilgan Konvensiya kuchga kirdi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasi O‘zbekistonda 2021 yil 28 iyuldan kuchga kirdi.
Bizga ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. 2009 yil 27 fevral kuni O‘zbekiston ushbu Konvensiyani imzolagan.
O‘zXDPning saylovoldi platformasida nogironlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan yaxshilash maqsadida partiyaning parlamentdagi fraksiyasi orqali BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasini ratifikatsiya qilish tashabbusi ilgari surilgan edi.
O‘zbekiston Konvensiyani ratifikatsiya qilishga har tomonlama tayyorlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi. 2020 yil 15 oktyabrda esa O‘zbekiston Respublikasining «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur hujjatlar qabul qilinishida partiya tomonidan yetmishdan ortiq takliflar ishlab chiqildi va uning ko‘pchiligi mazkur hujjatlarda o‘z aksini topdi.
Partiyamiz Konvensiyaning kuchga kirishi O‘zbekistonda nogironlar huquqlarini himoyasi uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratishga, qonunchilikni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.
Mazkur xalqaro hujjat mamlakatimizda nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash nuqtai nazaridan davlat organlarining javobgarligini kuchaytirishi bilan ahamiyatli.
Konvensiyani kuchga kirishi, birinchidan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, ikkinchidan, nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablag‘larini jalb qilish imkoniyatini yaratadi va uchinchidan esa aholini ijtimoiy himoya qilish borasida O‘zbekistonning xalqaro imijini yaxshilash imkonini beradi.
Boymurod Yusupov,
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi boshqarma boshlig‘i