«Uzchess Cup-2024»: Shamsiddin «Challengers» guruhi g‘olibi
Toshkent shahrida shaxmat bo‘yicha «Uzchess Cup-2024» turnirining «Challengers» guruhidagi g‘olibni aniqlash bahslari poyoniga yetdi.
Aytish lozimki, ushbu guruhda g‘olib nomini aniqlash so‘nggi 9-turda Shamsiddin Vohidov – Abjihet Gupta (Hindiston) hamda Aleksandr Donchenko (Germaniya) – Aleksandr Predke(Serbiya) o‘rtasidagi o‘yinlar qanday natija bilan poyoniga yetishiga bog‘liq edi.

Har ikki juftlikdagi musobaqalar shiddatli kechdi. Donchenko – Predke o‘rtasidagi bahsda murosa yo‘li tanlandi.

Hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov raqibini mag‘lubiyatga uchratishi ortidan so‘nggi sarhisobga ko‘ra, 6,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi va guruh g‘olibligini tantana qildi. O‘z navbatida 9 ta tur o‘yinlari holatida 6 ochkoni qo‘lga kiritgan Aleksandr Predke 2-o‘rindagi o‘rnini mustahkamlab oldi. Ushbu guruhdagi qolgan 3 ta juftlikdagi o‘yinlar davom etmoqda.
[gallery-17844]
T. Ro‘ziyev, O‘zA