“Uzbekistan Airways”ning maftunkor chehralari
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni
Ko‘pchilik qizlar bolaligidan styuardessa bo‘lishga, xorijiy tillarda ravon so‘zlashga, osmonda parvoz qilib, dunyo kezishga qiziqadi. Bu soha xodimalari o‘zining kelishgan qaddi-qomati, ko‘rkam libosi, latofatli chehrasi, xush muomalasi bilan ham e’tiborga tushgan.
Bort kuzatuvchisi – aviatsiya sohasining mas’uliyatli kasblaridan. Ushbu kasb egalarining asosiy vazifasi samolyot yo‘lovchilarining xavfsizligini ta’minlash va parvoz vaqtida ularga oliy darajada sifatli xizmat ko‘rsatishdan iborat. Kezi kelganda ular shifokor, psixolog, qutqaruvchi yoki shunchaki yaxshi suhbatdosh ham bo‘ladi. Favqulodda vaziyat yuzaga kelgan holda esa salondagi odamlarning hayoti uchun javobgarlikni ham o‘z zimmasiga oladi.
[gallery-6012]
Kasbning o‘ziga yarasha mashaqqatlari ham talaygina. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, aviareyslar kechayu-kunduz amalga oshiriladi. Bu esa bort kuzatuvchisining tunu-kun parvozda bo‘lishi, oilasiga yetarli vaqt ajrata olmasligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois ham bu kasb fidoyilikni talab etadi.
Mamlakatimiz aviakompaniyasi “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatida bugungi kunda 704 nafar ayol-qiz bort kuzatuvchisi (styuardessa) faoliyat yuritmoqda. Ularning faoliyati hamda dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Soha xodimlari uchun qator imtiyozlar ham mavjud.
Ushbu kasbni egallash istagidagi qizlar “Uzbekistan Airways” AJning bosh ofisi Xodimlar bilan ishlash boshqarmasiga murojaat qilishi mumkin. Shu bilan birga, styuardessalikka tanlov bo‘yicha barcha yangiliklar ijtimoiy tarmoqlarda ham e’lon qilib boriladi. Talabgorlardan esa baland bo‘y, maftunkorlik, o‘zbek, rus, ingliz va boshqa chet tillarini bilish so‘raladi. Bort kuzatuvchisi bo‘yining baland bo‘lishi havo kemasi sahnidagi yo‘lovchilarni ko‘rish va ularga tezkor xizmat ko‘rsatishda muhim jihatlardan biridir.
Kamola Yusupova, Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA